Rossiyalik tarixchi Anatoliy Razumov Iosif Stalin davri repressiyalarida halok bo'lganlarni aniqlash uchun 30 yildan beri izlanadi. "Xotiramiz bo'lmasa, inson emasmiz", - deydi u.
Kitob va gazetalar bilan to'lgan tor xonasi bo'ylab yurarkan, Razumov ishontirib aytadi: "Bu yerda hamma narsa yaxshi tashkillashtirilgan, kerakli narsani tezda topa olaman".
Anatoliy Razumov Sankt-Peterburgdagi Rossiya milliy kutubxonasi qoshida "Tiklangan ismlar" nomli markazni yuritadi. Uning idorasi tarix va kommunistik o'tmish yuzasidan kechayotgan bahs-munozaralar markazidadir.
Stalinning jinoyatlarini o'chirish
Vladimir Putin hokimiyatga kelganidan beri Iosif Stalin qiyofasi asta-sekin tiklanmoqda. Diktatorga qayta haykallar qo'yilmoqda, rasmiylar uning portretlarini osib qo'yishdan xijolatda emas.
Tarixchining javonlarida qator terib qo'yilgan ko'p tomli qizil kitoblar - bu Stalinning "Katta terror" nomini olgan qatag'onlari qurbonlarini aniqlash bo'yicha qilingan izlanishlar natijasi. Odamlar boshining orqasiga otilgan yoki qiynoqdan, ochlikdan va mehnat lagerlarida sovuqdan o'lgan.
Jurnallarda, shuningdek, natsistlar uyushtirgan Leningrad qamalida halok bo'lganlarning ismi keltirilgan. "Blokadadan o'tgan 900 ming odamning ism-sharifi bor bizda", - deydi Razumov.
"Bu bilan har kuni shug'ullanaman. Ishim yetarli", - deydi olim. "Xotirani saqlash kerak. Bilishni istaydiganlar va bir kun kelib bilishni xohlaydiganlar uchun ishlayapmiz".
Kremlda bu haqda bilishni istashmaydi. Razumovga ko'ra, mudhish o'tmishni xotirlashning o'zi hukumat tomonidan vatanparvarlikka zid, G'arb manfaatiga xizmat qiluvchi harakat deb ko'riladi.
Finlyandiya bilan chegara yaqinida, Kareliyadagi Sandarmox o'rmonida ommaviy qabr bor. Razumov va boshqa tarixchilarning aytishicha, 1937-38-yillarda "Katta terror" qurbonlarining 6241 nafari shu yerda otilgan va ko'milgan. Ushbu da'vo dala tadqiqotlari va maxfiy politsiya arxivlaridan topilgan hujjatlar, jumladan jallodlar bergan ko'rsatmalarga asoslanadi.
"Ayb Finlyandiyada"
Sandarmoxda dafn etilganlarning hammasi ham Stalin qurbonlari emasligini isbotlash uchun avgust oyida Kreml moliyalovchi Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati qazilma ishlarini olib borgan. Jamiyat rasmiylarining aytishicha, ayrimlari finlar tomonidan otilgan sovet askarlari bo'lishi mumkin. 1942-44-yillarda bu joy Finlyandiya tomonidan okkupatsiya qilingan.
Qazish guruhi tarixni qayta yozish uchun bormaganini aytadi. Guruh a'zolariga ko'ra, finlar o'sha hudud yaqinida sovet soldatlarini asirda saqlagani inobatga olinsa, finlar ham o'ldirish uchun xuddi shu o'rmondan foydalanganini faraz qilish mumkin. Sandarmoxda o'tgan matbuot anjumanida guruh rahbari Sergey Barinov Rossiya Madaniyat vazirligi taklifnomasini ko'rsatgan. Unda Sandarmox "Rossiyaning xalqaro maydondagi obro'siga putur yetkazyapti", deb yozilgan edi.
Sovet harbiy asirlari Sandarmoxda dafn etilgani haqidagi nazariyani birinchi bo'lib Petrozavodsk davlat universiteti qoshidagi Tarix instituti direktori Sergey Verigin olg'a surgan. Stalin qurbonlari o'sha joyda dafn etilganini inkor qilmayman, lekin mendagi farazni ham rad etib bo'lmaydi, deydi u.
Finlyandiya Milliy arxivi avgustda qisqa bayonot chiqardi. "Finlyandiya sovet asirlariga oid arxivlarini ochdi. Arxiv manbalari sovet asirlari Sandarmoxda ko'milganidan dalolat bermaydi", deyiladi unda.
Razumov va boshqa Gulag tarixchilari fikricha, Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati ommaviy qotilliklar uchun aybni qisman finlarga to'nkab, Sandarmox tarixini qayta yozishga harakat qilmoqda.
Haqiqat uchun kurash
Tarix yuzasidan bahslar kuchayib boradiganga o'xshaydi. Razumov so'zlariga ko'ra, "Katta terror" bo'yicha izlanish har doim qiyin bo'lgan, hatto Mixail Gorbachyov va Boris Yelsin davrida ham. Yelsin 1997-yilni Yarashuv yil deb e'lon qilganidan so'ng mavzu yopiq deb ko'risha boshlandi, deydi suhbatdosh.
Aynan 1997-yilda Razumovning do'sti, Stalin davri tarixchisi Yuriy Dmitriyev arxiv tadqiqotlari va qazilmalar orqali Sandarmox va Krasniy Bor hududlarida ommaviy qabrlar borligini aniqlagan. Dmitriyev hozir qamoqda sudni kutmoqda. Unga qo'yilgan jinsiy zo'ravonlik aybi uydirma, deydi oilasi, do'stlari va hamkasblari.
"Baxtimizga bu joylar 1997-yilda topilgan, hozir amalga oshirib bo'lmasdi", - deydi Razumov. Davlat arxivlariga kirish hozirda qiyin va ko'pincha ilojsiz. Rasmiylarda "odamlardan, haqiqatdan, erkin muhokamadan qo'rqish bor", deydi tarixchi.
"Hozir qaysi madhiyadan foydalanyapmiz? Sovet Ittifoqi madhiyasi, Rossiyaniki emas. Qizil maydonda barcha vahshiyliklar uchun javobgar bo'lgan shaxslarga ehtirom ko'rsatamiz. Tarixni siyosiy jihatdan qulay deb qayta yozmaslik kerak", - deydi Razumov.