Ukraina Rossiyadan qrim-tatarlar Milliy Majlisi raisi o’rinbosari Ilmi Umerovni zudlik bilan ruhiy dispanserdan ozod etishni talab qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi chaqiriqlarda ayblanayotgan Umerov Qrimda qolayotgan sanoqli yetakchilardan biri. Majlis raisining Qrimdagi yana bir o’rinbosari Axtam Chiyg’oz ustidan esa sud ishi davom etmoqda.
Ukraina hukumati ham, qrim-tatarlar ham yarimorolda borayotgan etnik tazyiqlarni to’xtatishda xalqaro hamjamiyat ko’magidan umidvor.
Ilmi Umerov ommaviy axborot vositalari orqali Rossiya hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi chaqiriqlarda ayblanib sud qilinmoqda.
Dastlabki mahkama paytida sog’lig’i yomonlashgan Umerov yurak xuruji tahdidi bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. U yerdan esa Simferopoldagi ruhiy kasallar uchun ixtisoslashgan dispanserga majburan ko’chirilgan, tibbiy ekspertizadan o’tmoqda.
Uning advokati Mark Feygin Umerovning sog’lig’i haqida ma’lumot tarqatishi ortidan Ukraina Tashqi ishlar vazirligi uni darhol dispanserdan ozod etishni talab qildi.
Qrim prokuraturasiga ko’ra, Umerovga qo'yilgan ayblovga uning televideniye orqali qilgan bayonotlari asos qilib olingan.
Ukraina ham, qrim-tatarlar ham yarimorol Rossiya tarkibiga qo’shib olinishini bosqinchilik sifatida baholaydi.
25 yil avval O’zbekistondan tarixiy vatani Qrimga ko’chib borgan Ilmi Umerov “Amerik Ovozi”ga bergan intervyusida yarimorol taqdiri xalqaro huquqiy normalarga ko’ra hal etilishi lozim, degan edi.
“Qrim-tatarlar bugun yarimorolning 13 foizdan oshiqroq aholisni tashkil etadi. Biz Ukraina tarkibida qolish tatarfdorimiz. Har holda xalqaro hamjamiyat, Yevropa Ittifoqi, NATO a’zolari diplomatik harakatlar bilan bu inqirozga ta’sir o’tkazadi degan umiddamiz”, - deya ta’kidlagan edi Umerov.
Milliy Majlis raisining yana bir o’rinbosari Axtam Chiyg’oz yarim yildirki, hibsda. U Qrimni Rossiya tarkibiga qo’shilishiga qarshi o’tkazilgan namoyishlarni tashkil etish, zo’ravonlik uyushtirishda ayblanmoqda.
Yarimorolda tatarlarni diniy ekstremizmda ayblayotgan mahkamalar ham ko’paygan.
Bir guruh qrim-tatarlar “Hizb-ut-Tahrir” oqimiga a’zolik va diniy ekstremizmda ayblanayapti. Bu mahkamada ham qrim-tatarlar huquqini advokat Mark Feygin himoya qilayapti. Uning aytishicha, Rossiyada musulmon qrim-tatarlarga nisbatan terrorchilar sifatida qarash kuchli.
“Rossiyada musulmonlar ustidan o’tayotgan sudlar juda yomon, aynan inson huquqlarini himoyalash nazaridan. U yerda musulmonlar terrorchilar degan qarash ustunlik qiladi. Qrimdagi oddiy musulmon ziyolisimi, ekstremistmi, buning farqi yo’q”, - deydi Feygin.
Rossiya-Ukraina inqirozining Donbass, Lugansk viloyatlariga ko’chishi, ayirmachi kuchlar bilan davom etayotgan qurolli to’qnashuvlar xalqaro hamjamiyat uchun Qrim muammosini keyingi planga surdi.
Milliy Majlis raisi Refat Chubarovga ko’ra, dunyo ahli Moskva agressiyasiga bugun munosib javob bermasa, ertaga bu repressiyalar yana kengayishi mumkin.
Qrim ikki yil avval Ukrainadagi inqilobda Viktor Yanukovich hukumati ag’darilishidan so’ng Rossiya tomonidan egallab olingan.
Rossiya tarkibiga qo’shilish yuzasidan Qrimda o’tgan referendumda qrim-tatarlar ishtirok etmagan. Xalqaro hamjamiyat ham bu referendum natijalarini tan olmagan. Ukraina Rossiyani bosqinchilikda ayblab keladi.