Qrim yarimoroli Rossiya tomonidan bosib olinganida eng qattiq qarshilik ko’rsatgan jamoa mahalliy tatarlar edi. Oradan bir yil o’tib, shijoat o’rnini qo’rquv bosgan.
Anneksiyaga qarshi gapirgan faollar va ularning qarindoshlari tazyiqqa olingan, o’g’irlangan va o’ldirib ketilgan hollar ma’lum.
Rifat Ahmetov bundan bir yil oldin akasi Reshatni bu yerda dafn etgan. Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olish haqida qonun imzolagan kun…
Qrim o’zlashtirilganini keskin tanqid qilgan Reshat o’g’irlab ketilgan va qiynoq ostida o’ldirilgan.
Shu kungacha, deydi Ahmetov, hech kim javobgarlikka tutilmadi. Jinoiy ish ham yopilgan.
“Qo’limizda video materiallar, qotillar qayerdan kelgani haqida ma’lumotlar bo’lsa ham topisholmadi. Qanday ishonish mumkin bu hukumatga?”
Abdurashit Jepparov yolg’iz o’g’li Islomni namunali talaba, sportchi deya ta’riflaydi. Otasidan farqli ravishda siyosatdan nari yurardi.
19-yoshli o’smir va uning 23 yoshli yana bir qarindoshini o’tgan yilning sentabrida qora maskali odamlar mashinaga tiqib olib ketishgan. O’shandan beri ulardan darak yo’q. Jinoyatda gumon qilinib hech kim hibsga olinmagan.
Bu Rossiya xavfsizlik kuchlarining ishi ekaniga Jepparovning ishonchi komil. Chunki men Qrim Milliy Majlisida deputat bo’lganman, jamoa nomidan gapirganim uchun mendan o’ch olishdi, deydi u.
“Bu ishga ancha vaqt puxta tayyorgarlik ko’rishgan. Ikki-uch kishining ishi emas. Hammasi oldingan rejalangan”.
Abdurashit Jepparov o’g’li g’oyib bo’lishi oldidan bir necha hafta mobaynida uning uyi kuzatuvga olinganini aytadi.
Uning to’ng’ich o’g’li jang qilish uchun Suriyaga ketganidan beri undan darak yo’q. Xavfsizlik xizmatlari buni biladi.
Rossiya Qrimni o’ziniki qilib olganidan beri ayrim tatar yetakchilariga yarimorolga kirishga ruxsat yo’q. Milliy Majlis idoralari tintuv qilindi, ishlab bo’lmaydi, deydi faollardan biri Zair Smedlya.
“O’tgan bir yil ichida qotilliklar, odam o’g’irlash, madrasa, masjid va faollarning uyida tintuvlar o’tkazilganiga guvoh bo’ldik. Qancha odamni hibsga olishdi. Bular hammasi qrim-tatar xalqining yuragiga qo’rqinch solish uchun qilinyapti”.
Tatarlar Qrim aholisining taxminan 13 foizini tashkil etadi. Rossiyaga qo’shilish uchun o’tkazilgan referendumni ular noqonuniy deya keskin qoralagan va yordam so’ragan.
Rossiya va Qrim hukumatlari aholi tazyiq ostida ekanini rad etadi. Yangi sistema ostida tatarlar uchun hayot yaxshiroq, deydi ular.