Vladimir Putin yana olti yil muhlatga Rossiya prezidenti bo'lib qoladi. Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, dastlabki natijalar uning 75 foizdan ko'proq ovoz olganini ko'rsatmoqda. Kommunistik partiyadan nomzod Pavel Grudinin taxminan 12 foiz bilan ikkinchi o'rinda.
Prezidentlikka yana besh da'vogar, jumladan Liberal-demokratik partiya yetakchisi Vladimir Jirinovskiy va "Fuqarolik tashabbusi" partiyasidan Ksenya Sobchak, 10 foizli marraga ham yeta olmadi.
Mamlakatning turli burchaklaridan saylov uchastkalarida qonunbuzarliklar kuzatilgani haqida xabarlar kelmoqda. Yoqutistonda bir rasmiy byulletenlarni qutiga tashlayotgani, Dog'istonda bir kuzatuvchi kaltaklangani tasvirlangan videolar tarqaldi. Tekshiramiz, deydi rasmiylar.
Muxolifat lideri Aleksey Navalniy poygada qatnasha olmadi. Uning ta'kidlashicha, saylovchilar Rossiyaning turli qismlaridan avtobuslarda uchastkalarga olib kelingan.
Markaziy saylov komissiyasining unga javobi:
"Hech bir mamlakatda saylov jarayoni Rossiyadagidek ochiq, shaffof emas".
Moskvada tarafdorlari oldida so'zlar ekan, Vladimir Putin fuqarolar o'z ovozi bilan so'nggi yillarda erishilgan yutuqlarni e'tirof etayotganini ta'kidladi.
Bu galgi saylovda ishtirok qanday bo'lishi ko'pchilikni qiziqtiradi. Kremlning istagi 70/70 - ya'ni saylovchilarning 70 foizi ovoz berishga chiqsin va 70 foizi Putinga ovoz bersin, deya xabar beradi Moskvadagi muxbirimiz Jeremi Dettmer.
Ayrim tahlilchilar hatto Kreml saylov arafasida G'arb bilan ziddiyatni sahnalashtirgani haqidagi taxminlarni olg'a surmoqda. 4-mart kuni Britaniyada sobiq rus agenti Sergey Skripal zaharlangan va hozir og'ir ahvolda. Britaniya Rossiyani ayblab chiqdi. Mojaro saylovchilar orasida vatanparvarlik ruhini oshirish uchun uyushtirilgan, deydi ba'zilar.
Rossiya hukumati bu da'volarni safsata deya atamoqda.
Moskvada "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan aksar saylovchilar Putinni ideal nomzod deb biladi. Rossiyaning global nufuzini tikladi u, deydi ular.
Vladimir Putin prezident va bosh vazir lavozimlarida Rossiyani 18 yildan beri boshqarib kelmoqda.