Rossiya va Qozog’iston Belarus ishtirokisiz boj ittifoqi tuzadi

“Ikki davlat iqtisodiyotini integratsiya tomon yo’naltiradigan xalqaro hujjat 1 iyuldan boshlab kuchga kiradi. Belarus, afsuski, hujjatni imzolashga xohish bildirmadi”, - dedi Bosh vazir Vladimir Putin Sankt-Peterburgda o’tgan uchrashuvda.

Muzokara har uchala tomon ishtirokida o’tishi rejalangan edi, biroq Belarus Bosh vaziri Sergey Sidorskiy so’nggi daqiqada Rossiyaga safarini bekor qilgan.

Boj ittifoqini tuzish bo’yicha kelishuvni Vladimir Putin va Qozog’iston Bosh vaziri Karim Masimov imzolagan. Putinning qayd etishicha, Rossiya va Belarus o’rtasida neft eksporti tarifflariga doir kelishmovchilik mavjud. Muammo hal bo’lgach, Belarus ittifoqqa qo’shilishi mumkin.

Rasmiy Minsk iqtisodiy integratsiya doirasida Rossiyadan unga arzon narxda neft va gas sotishni so’ramoqda. Kreml bunga ko’nmayapti. “Gazprom” rasmiylariga ko’ra, energetika sohasida muzokaralar davom etishi uchun Belarus avvalo 200 million dollarlik gaz qarzini to’lashi lozim.

Rossiya, Qozog’iston va Belarus boj uyushmasini tuzish bo’yicha muzokaralar anchadan beri davom etib kelmoqda. Har uchala davlat shu orqali Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilishni maqsad qilgan.