Rossiya yadro sanoatini ilg’or va xavfsiz deb maqtayapti, ekologlar bunga ishonmaydi

Rossiya yadro sanoatini ilg’or va xavfsiz deb maqtayapti, ekologlar bunga ishonmaydi

Yaponiyaning Fukushima atom elektrostansiyasida ta’mirlash ishlari davom etyapti. Kelasi oy Chernobil fojiasining 25 yilligi xotirlanadi.

Ayrim davlatlar o’z yadro stansiyalari xavfsizligini tekshirishga tushgan. Ekologlar eski inshootlarni yopishga chaqiryapti.

Shu kunlarda Rossiya kinoteatrlarida Chernobil haqida hujjatli film ko’rsatilmoqda. Sovet rahbarlari o’z vaqtida jahon hamjamiyatidan fojia ko’lamini yashirishga harakat qilgan.

Chernobil atom elektrostansiyasi, 2007 yil

Yangi film Chernobil fojiasidan eng ko’p zarar ko’rgan Belarusda taqiqlangan. Rossiya qo’shni davlat bilan shartnoma imzolab, umumiy qiymati 9,4 milliard dollarga teng ikkita yadro reaktori qurib bermoqchi.

“Rosatom” davlat kompaniyasi loyihaga bosh bo’ladi. Kompaniya hozir Turkiya, Bolgariya, Hindiston, Xitoy va Eronda ham atom stansiyalari qurmoqda.

Jami jahon bo’ylab 60 ta shunday inshoot yaratilyapti. Qurilishlarning choragi “Rosatom” hissasiga to’g’ri keladi.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev “Rosatom”ni maqtab, u qurayotgan inshootlar qo’shimcha xavfsizligi bilan ajralib turadi, deydi.

“Zilzila ehtimoli yuqori hududlarda qurilishlarni cheklash lozim”, - deydi Medvedev.

Rossiya yadro sanoatini ilg’or va xavfsiz deb maqtayapti, ekologlar bunga ishonmaydi

Mahalliy ekologlarning aytishicha, Armaniston va Rossiya janubidagi Rostov oblastidagi seysmik zonalarda yadro reaktorlari bor. Kelasi 10 yilda mamlakatda 11 ta yangi reaktor qurish rejalangan.

Buning hisobiga elektr quvvati ishlab chiqarish 16 foizdan 25 foizga chiqadi. 2030-yilga borib “Rosatom” xorijiy faoliyatidan qo’shimcha 50 milliard dollar foyda ko’rishni ko’zlamoqda.

“Ekologik himoya” tashkiloti rahbari Vladimir Slivyak yaqinda Moskva markazida, “Rosatom” bosh idorasi tashqarisida norozilik namoyishi uyushtirdi.

“Bir yilda va hatto 10 yilda ham buncha reaktor qurib bo’lmaydi. Hukumat propagandasi bu. Ular Rossiya yadro sanoati dunyoda buyuk, G’arbnikidan ilg’or deya xalqni ishontirishmoqchi”, - deydi atrof-muhit muhofazachisi.

Slivyak deydiki, Rossiyada mavjud 32 ta yadro reaktoridan 11 tasi 1970-yillarda loyihalashtirilgan. Biri Sankt-Peterburg tevaragida joylashgan bo’lib, yaqinda litsenziyasi yana 15 yilga uzaytirildi.

Yaponiyadagi falokat ketidan Bosh vaziri Vladimir Putin mamlakatdagi barcha atom inshootlarini tekshirishga ko’rsatma berdi. Prezident saylovlari yaqinlashar va elektr quvvati qimmatlashishi kutilar ekan, eski reaktorlar hali-beri yopilishi dargumon.

Rossiya yadro sanoatini ilg’or va xavfsiz deb maqtayapti, ekologlar bunga ishonmaydi

Rossiyadagi aksar inshootlar Sovet Ittifoqining so’nggi 10 yilida qurilgan bo’lib, ularning ahvoli xavotirga molik.

Ikki yil burun mamlakatdagi eng yirik gidroelektrostansiya – Sayano-Shushenskayada turbina boltlari yechilib, ming tonnalik uskuna kuchli suv bosimi ostida havoga parday otilib chiqqan edi. O’shanda 75 odam o’lgan.

Ta’mirlash ishlariga to’rt yil ketdi. 40 yil oldin qurilgan bu stansiyada metal eskirib, texnik xavfsizlik qoidalariga qo’l uchidan qaralgani fojiaga asosiy sabab qilib ko’rsatilgan edi.

Germaniya kansleri Angela Merkel yaqinda eskirgan yetti atom elektr stansiyasini yopishga ko’rsatma berdi. Rossiyada masalaga yondashuv o’zgacha. Hech kim bilmasa, ko’rmasa, muammo ham yo’q qabilida ish tutiladi.

Atrof-muhit muhofazasi bilan shug’ullanuvchi “Greenpeace” tashkilotining Rossiyadagi bo’limi rahbari Ivan Blokovning aytishicha, aholining salkam 90 foizi bunday yadro inshootlari qurilishiga qarshi.

“Ammo zavod ko’z oldingizda bo’lmasa, hech kimning ishi yo’q”, - deydi u.

Yana bir ekolog Vladimir Slivyak yadro zavodlariga qarshi norozilik namoyishlari bo’ladi, deya ogohlantirmoqda.

26-aprel kuni Chernobil fojiasining 25 yilligida Rossiyada yirik chiqishlar rejalangan.