Rossiya oppozitsiyasi o'tgan hafta Moskvada otib ketilgan muxolifat yetakchisi Boris Nemsovning Rossiyaning Ukraina mojarosidagi roliga aloqador hujjatlarini chop etishini bildirmoqda.
Faollardan biri Ilya Yashinning aytishicha, bu hujjatlar Ukraina sharqida Rossiya qo'shinlari harakatlanayotganini isbotlab beradi.
AQSh davlat kotibining yordamchisi Viktoriya Nuland shu hafta Kongressda so'zlab, Ukraina sharqida Rossiyaning 12 ming askari bor degan. Yaqinda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Ukrainada rossiyalik harbiylar yo'q deb bayonot bergan edi. Rossiya Mudofaa vazirligi Nuland da'vosini inkor etgan.
Biroq Ilya Yashinga ko'ra, Nemsov Ukrainada jang qilib halok bo'lgan rossiyalik zobitlarning ota-onalaridan ma'lumotlar to'plagan. Axborot xavfsiz joyda saqlanmoqda va Nemsovning o'limidan so'ng uning kompyuterlari musodara etilganida politsiya qo'liga tushmagan, deydi Yashin Britaniyaning "Tayms" gazetasiga.
Nemsovni kim o'ldirgani hozircha ma'lum emas. Ayrimlar buni Rossiya maxsus xizmati qilgan desa, boshqalar nazarida bu ishga xorijiy razvedka qo'l urgan, yana ayrimlar millatchi guruhlarni ayblamoqda.
Nulandning Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo'mitasida so'zlashicha, agar Rossiya Ukraina sharqidagi mojaroni alangalatishda davom etsa yoki Minskda imzolangan sulh shartlariga rioya qilmasa, AQSh unga qo'shimcha sanksiyalar qo'llaydi.
Unga ko'ra, Prezident Obama Ukrainaga qurol uzatish bobida bir qarorga kelmagan hali.