Kreml Ukrainadagi urushni yoritishni tobora qiyinlashtirmoqda, deydi Rossiyada "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan jurnalistlar. Mojaroni tahlil qilish hozirda deyarli imkonsiz, deya tasvirlaydi ular.
Rossiya hukumati fuqarolarni urushga jalb etishni kuchaytirar ekan, ommaviy axborot vositalari uchun yangi cheklovlar joriy etilgan.
Mobilizatsiya jarayoni haqida matbuot faqat va faqat federal va regional hukumatga asoslanib ma'lumot berishi shart.
Nazorat agentligi bo'lmish "RosKomnadzor" bu tartibni buzganlarni bloklaydi va/yoki ularga 5 million rublgacha jarima soladi. Bu 82 ming AQSh dollari demakdir.
2022-yilning fevral oyida urush boshlaganidan beri Rossiya hukumati axborot vositalariga tinimsiz shartlar qo'yib kelmoqda. Urushni urush deyish 15 yillik qamoq jazosi bilan jazolanib, "soxta xabar" berganlar ham ayovsiz sudga tortiladi.
"Novaya Gazeta", 2021-yilda bosh muharriri Dmitriy Muratov Nobel mukofoti olgan nashr o'tgan oy Oliy sud qarori bilan yopilgan. Chunki Muratov va uning gazetasi urushni tanqid qiluvchi materiallar bergan.
"Amerika Ovozi", Bi-Bi-Si va boshqa xorijiy axborot vositalari bloklangan.
Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi tahlilicha, Rossiya hukumati Ukrainadagi urush qanday yoritilishi ustidan hukmronronlik qilishga bel bog'lab, uning siyosatiga zid har qanday nashrni o'chirishga intilmoqda.
Rossiya bo'ylab urushga qarshi namoyishlarda kamida 16 jurnalist hibsga olingan. Hukumat ularni ruxsatsiz faoliyatda ayblagan.
"Ozodlik" radiosi muxbiri Yuliya Vishnevetskaya o'tgan hafta Dog'istonda besh kunga ozodlikdan mahrum etilgan.
"Ozodlik" rahbari Jeymi Flayga ko'ra, jurnalist o'z ishini qilayotgan bo'lgan, ya'ni ishonchli axborot yig'ishga harakat qilgan.
Rossiyada mutasaddilar "Amerika Ovozi" savollariga javob bermaydi.
Mamlakatda axborot oqimi bugunga kelib, bag'oyat cheklangan. Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti kuzatishicha, mustaqil media endilikda mutlaq "xorijiy agent" deb tamg'alangan.
Rossiya matbuot erkinligi reytingida 180 davlat ichida 155-o'rinda.
"Access Now" nohukumat tashkiloti yuristi Natalia Krapiva Rossiyada aslida vaziyat yillardan beri og'irlashib kelayotgn edi, deydi.
"O'tgan 2-3 yilda esa jar yoqasiga keldi", - deya xulosa qiladi Krapiva.
Kreml 2017-yildan beri chet eldan mablag' olgan mediani "xorijiy agent" deb hisoblaydi. AQShda FARA, chet el agentlari ro'yxati tanishtirilib, unga Kremlga qarashli organlar kiritilganiga Rossiya shunday siyosat bilan javob bergan.
FARAga ko'ra, xorijiy hukumat nazoratidagi tashkilotlar AQShdagi faoliyati haqida Adliya vazirligiga hisobot berishi kerak.
Biroq Rossiya qonunlariga binoan chet eldan mablag' olgan media efirda va nashrda o'zini "xorijiy agent" deya e'tirof etishi shart, aks holda jinoiy ayblovlar bilan yuzlashadi. "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" shular jumlasidan.
Prezident Vladimir Putin fikricha, chet el ta'siri ostidagi har qanday taraf, shaxs yoki tashkilot", shunday qaralishi lozim.
Krapiva izohlashicha, bu qonun va siyosat Rossiyada mediaga ishonchni o'ldirmoqda va hukumatning asl maqsadi shu.
“Odamlar jurnalistlar bilan gaplashsa, sotqin sifatida ko'rinishdan hayiqadi. Chunki ular nazarida har qanday media "chet el agenti" bo'lishi mumkin. Bu esa jamoatchilikni matbuotdan uzoqlashtirmoqda, axborot maydoni toraymoqda".
Natijada Rossiyada ishonchli manbalar ozayib, odamlar hukumat nima desa, shunga tayanishga majbur.
"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti qayd tishicha, o'nlab yirik axborot vositalari ishdan to'xtab, yuzlab rus va ukrain saytlariga to'siqlar qo'yilgan.
Fevraldan beri kamida 150 nufuzli jurnalist Rossiyadan chiqib ketgan va mamlakat bo'ylab, matbuot va matbuotchilarga qarshi 00 yaqin sud ishi ketmoqda.
Krapiva ta'kidlashicha, bu holatlar oqibatida xorijiy axborot vositalariga Rossiyadan informatsiya olishi murakkablashgan.
Xalqaro huquq tashkilotlariga har kuni Rossiyaning turli burchaklaridagi jurnalistlardan yordam uchun murojaat tushadi.
Mustaqil jurnalistika mutlaq tahdid ostida, deya ogohlantirmoqda Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi va boshqa tashkilotlar. Erkin harakat qilganlar yo qamoqda yo sudda, qidiruvda yo surgunda.