Bugun Rossiya va Ukraina harbiy asir almashdi. Rossiya Ukrainaga 215 kishini topshirdi, Ukraina esa 55 mahbusni ozod etdi. Rossiya Mudofaa vazirligi buni tasdiqladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya qamoqxonasidan, shuningdek, 10 nafar xorijlik chiqarilgan.
Xabarlarga ko’ra, Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi va Turkiya vositachiligida AQSh, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Xorvatiya va Marokash fuqarolari ozod etildi. Ba’zilarini bo’lginchi Donetsk xalq respublikasi sudi o’limga mahkum etgan edi.
Rossiyaga chiqarilgan 55 kishi orasida ukrainalik muxolif siyosatchi Viktor Medvedchuk ham bor. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Rossiya uning ozodligi evaziiga 200 nafar ukrainalik asirni topshirgan.
Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiyaga xayrixoh siyosatchini xiyonatda ayblagan. Ozodlikka chiqqan ba’zi rossiyaliklarning uchuvchilar ekani, yana ba’zilarining yaqinda Xarkovda qo’lga olingani aytilmoqda.
Ukraina tomoniga esa “Azov” millatchi polkining qo’mondoni va uning o’rinbosari hamda yana bir necha qism qo’mondonlari topshirilgan, biroq ular hozircha Turkiyada. Zelenskiy qo’mondonlar bilan virtual muloqot qildi, ularni qahramonlar deb atadi.
“Azov” polki Rossiyada terrorchi tashkilot deb e’lon qilinib, uning jangchilari sudga tortilishi kutilgan edi. Jami 108 azovchi ozod etilgan. Yana 9 tasi ukrainalik politsiyachilar.
Asirlar Ukraina shimolidagi Chernigov shahri tevaragida ayirboshlangani aytilmoqda.
Ukraina tarafida jang qilib iyun oyida qo’lga tushgan britaniyaliklar Eyden Aslin va Shon Pinner bir oydan so’ng qatl etilishi kerak edi.
Rossiyada qisman safarbarlikka munosabat
Bir kun oldin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishi ketidan urush zonasiga tushishni istamagan fuqarolarning bir qismi Prezident Putin farmoniga norozilik bildirib ko’chaga chiqdi, kimdir esa mamlakatni tark etishga urinmoqda.
38 ta shaharda kuzatilgan namoyishlarda 1400 odam hibsga olingani ma’lum.
Jami 300 ming kishini mobilizatsiya qilish rejalangan. Mudofaa vazirligi asosan harbiy tajribasi bor, oldin harbiy xizmatni o’tagan, harbiy mutaxassislikka ega fuqarolar jalb qilinishini bildirgan. Ular orasida tibbiyot xodimlari ham bor.
"Shahardan hech kimni chiqarishmayapti. Hamma joyni politsiya to’sgan. Har bir mashinani tekshirishyapti. Shahardan chiqishga urinayotgan mahalliy odamlarning hammasini ortga qaytarishyapti”, - deydi kurskliklardan biri.
Kimdir avtomobilda, kimdir esa samolyotda mamlakatni tark etishga shoshilyapti. Estoniya, Gruziya, Finlyandiya, Qozog’iston, Mongoliya yo’nalishlarida yo’lda va chegarada tirbandlik kuzatilmoqda. Armaniston, Turkiya, Ozarbayjon, Serbiyaga aviachiptalar sotilib ketgan.
Istanbulga uchib borgan rossiyaliklardan biri safarbarlikdan qochganini tan oldi.
"Qisman safarbarlik e’lon qilingani uchun ketishga majbur bo’ldim. Ko’plar xizmat qilishni, urushga borishni istamaydi. Safarbarlikni noto’g’ri deb bilaman. Nazarimda, bu ko’p muammolarga yetaklaydi”, - deydi Aleks ismli bir yigit.
"Safarbarlik kutilgan edi, chunki askar yetishmayapti. Men xavotirda emasman. Yoshim 59 da. O’g’lim xorijda yashaydi”, - deydi Istanbulga rafiqasi, o’smir qizi va oltita chemodan bilan uchib borgan yana bir odam.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov safarbarlik majburiy chora ekanini aytadi.
"Maxsus amaliyot natijasida Ukrainada maqsadlarimizga erishyapmiz. Hozir bizga NATO bloki va uning logistik salohiyati qarshi turibdi. Bu esa safarbarlik kabi muhim choraga majburladi”, - deydi u.
Fransiya va Germaniya mudofaa vazirlari o’zaro uchrashuvi chog’ida Putinning bu qadami Yevropaning Ukrainaga yordamini yanada kuchaytirishini bildirdi.
Rossiya Ukrainada maxsus harbiy amaliyotni 150 ming qo’shin bilan boshlagan. Vashingtondagi Katolik universiteti mutaxassisi Maykl Kimmaj safarbarlik qanday natija berishini bilmasligini aytadi.
“Urushga chaqirilgan yangi askarlar Ukrainada jang qilayotgan harbiylarga samarali ravishda integratsiyalashadimi? Rossiyaning Ukrainadagi strategiyasi hozirgidan o’zgacha natija beradimi? Strategiya hozircha ish bermayapti. Qo’shimcha askarlarni samarasiz strategiyaga jalb qilishdan foyda bormi? Shunisi noma’lum. Biroq safarbarlik urushni kengaytirishdagi ilk qadam ekani ayon”, - deydi ekspert.
Ukraina sharqi va janubidagi hududlarda esa Rossiyaga qo’shilish bo’yicha referendumga tayyorgarlik avjida. 23-27-sentabr kunlari Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojyedagi ovoz berishdan so’ng Rossiya aholisi 8 millionga ko’payishi, hududi esa 108 ming kvadrat kilometrga kengayishi kutilmoqda.
Lugansk viloyatining yaqinda Rossiya armiyasi nazoratiga o’tgan Lisichansk shahri aholisi Rossiyaga qo’shilish tinchlikka yetaklaydi deya umid qilmoqda.
“Hammasi yaxshi bo’ladi. Darrov emas”, - deydi 56 yashar bir ayol.
“Referendumni yaxshilikka deb bilaman. Suv ham, elektr quvvati ham bo’ladi. Odamlar o’z yerida ekanini his qiladi. Demak kimdir biz haqimizda qayg’uryapti”, - deydi 60 yoshlik yana biri.
Bu o’rtada bugun Ukrainaning raketa hujumida Donetsk shahrida kamida olti odam o’lgan, jumladan bir o’smir. Raketa usti yopiq bozorga tushgani aytilmoqda. Bu shaharga ilk hujum emas. Referendumdan so’ng Donetsk Rossiya tarkibiga kiradi. Shundan keyingi hujumlar Rossiyaga hujum bilan teng ko’riladi.
Rossiya va bo’lginchi kuchlar Donbassni qo’lga kiritishga harakat qilarkan, Donetsk viloyatining 40 foizi hali ham Ukraina nazoratida.
Chorshanba kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida delegatlarga virtual murojaat qilgan Ukraina prezidenti Rossiyani BMT Xavfsizlik Kengashidan haydashga, BMT qoshida tribunal tashkil etib Rossiyani javobgarlikka tortishga, undan Ukraina foydasiga reparatsiyalar undirishga, Ukraina hududiy daxlsizligini tiklab, xavfsizligini kafolatlashga chaqirdi.