Rossiya armiyasi ukrain qo’shinlarini Xarkovdan 75 kilometr narida joylashgan Volchansk shahridan siqib chiqarishga urinmoqda. Ukraina rus hujumlariga javoban Rossiyaning chegaradagi Belgorod shahrini nishonga olish bilan javob bermoqda. So’nggi kunlarda Belgorodda o’nlab odam o’lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Rossiya bunday hujumlarning oldini olish uchun bufer zonasini yaratmoqchi, ukrain mudofaa chiziqlarini tekshirmoqchi. Xarkov yo’nalishiga 30 mingdan 40 minggacha askar tashlangan, harbiy texnika ko’p emas, hujumlarni kichik guruhlar bilan amalga oshirishyapti. Bu Xarkovni qurshab olish uchun yetarli emas”, - deydi Britaniyaning Bat universiteti mutaxassisi Patrik Buri.
Frontdagi vaziyat bilan tanishish uchun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 16-may kuni Xarkovga bordi, askarlar bilan uchrashdi.
“Ukraina Rossiyaning har 5-6 ta snaryadiga bitta snaryad bilan javob bermoqda”, - deydi Patrik Buri.
Ukraina AQSh va’da qilgan harbiy yordamni kutmoqda. 60 milliard dollarlik yordam paketini o’z ichiga olgan qonun loyihasi respublikachi qonunchilarning qarshiligi sabab olti oy tasdiqlanmay aprel oxirida nihoyat ma’qullandi.
“Amerikaning yordami biz uchun muhimdir. Orada katta tanaffus bo’lgani frontdagi vaziyatga qattiq ta’sir qildi va hozir buning natijasini ko’ryapmiz”, - deydi ukrainalik deputat Sergey Raxmanin.
Ukraina G’arbdan qo’shimcha havo mudofaasi tizimlari va ular uchun raketalar, qiruvchi samolyotlar so’rab keladi.
Jang maydonidagi talafotlarni qoplash uchun o’tgan oy Ukrainada safarbarlik haqida qonun qabul qilindi.
“Keyingi uch oy Ukraina uchun juda muhim bo’ladi. Ruslarda hozir imkoniyat bor. Ular Ukraina qurolli kuchlarining salohiyati pasayganini ko’rmoqda. Katta miqdorda qurol, o’q-dori, askar yig’ib, zaxiralaridan maksimal darajada foydalanishga harakat qilishmoqda, askarlarimizni butun front chizig’i bo’ylab yoyishga urinishyapti”, - deydi Oliy Rada a’zosi.
Ukraina va uning G’arbdagi ittifoqchilari vaziyatni o’z foydasiga o’zgartira olishi mumkinmi?
“Boy berilgan ulkan hududlarni qaytarish imkoniyati qo’ldan chiqib ketayotgan ko’rinadi. G’arbning uzoq muddatli strategiyasida muvaffaqiyat uchun biror katta o’zgarish bo’lmasa, masalan yirik miqdorda kuch ajratilmasa, Ukraina o’z nazoratidagi hududlarni mudofaa qilishda davom etadi deb o’ylayman”, - deydi britaniyalik tahlilchi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya yordamida so’nggi olti oyda harbiy kuch to’plashga muvaffaq bo’ldi. Bu esa o’z navbatida Ukrainaga hujumga o’tishga imkon bermasligi aytilmoqda.