AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Melburnda Hindiston, Avstraliya va Yaponiya vazirlari bilan uchrashuvdan so’ng aytishicha, Rossiya Ukraina chegarasi tomon qo’shimcha askar yuborib, qo’shni mamlakatga istalgan payt harbiy yurish boshlashi mumkin, jumladan Qishki Olimpiada paytida.
Your browser doesn’t support HTML5
Unga ko’ra, Vashington urush xavfi sabab Kiyevdagi diplomatlari sonini qisqartirmoqda. Bundan bir kun oldin AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerikaning Ukrainadagi fuqarolariga mamlakatni zudlik bilan tark etishni tavsiya qildi. Ba’zi manbalarga ko’ra, Ukrainada 30 minggacha amerikalik bo’lishi mumkin.
Rossiya qo’shni davlatga hujum qilish rejasi borligini inkor etarkan, Qora dengizda harbiy mashqlar boshlab, dengizdagi ayrim hududlarni yopgan, Belarusda ham yirik qo’shma mashg’ulotlar o’tmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh va Britaniya diplomatlarini Ukrainadan chiqarayotganiga ishora qilarkan, Qo’shma Shtatlarning o’zi urushga turtki berishi mumkinligini taxmin qilib, Rossiya ham Kyevdagi elchixonasini evakuatsiya qilishi kerakligi ehtimoli haqida gapirdi.
TASS axborot agentligining tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Andrey Rudenkoga ishora qilishicha, Rossiya Kiyev va unga hamkor davlatlar provokatsiyasi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.
Oddiy kiyevliklar Baydenning bayonotiga turlicha munosabat bildirmoqda.
"Nazarimda, bu bilan ular vahima uyg’otmoqchi. Mening fikrimcha, hayot normal holatga qaytmoqda. Ba’zilar vaziyatni bo’rttirib, katta bosim qo’ymoqda”, - deydi 18 yashar Daniil.
"Ular Ukraina fuqarolari emas. Ketish yoki qolish o’zining ishi”, - deydi yana bir kiyevlik.
Rossiya harbiy mashqlari fonida NATO ham harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda. Oy boshida Italiyaga yaqin dengiz hududida jangovar kemalar va samolyotlar manevrlar o’tkazdi, Sharqiy Yevropaga qo’shin va harbiy texnika safarbar etilmoqda - Britaniyadan Estoniya va Polshaga, AQShdan Polsha va Ruminiyaga, Fransiyadan Ruminiyaga, Germaniyadan esa Litvaga.
Tahlilchi Jonatan Eyalning aytishicha, Rossiya harakatlari NATOni jipslashtirdi.
“Ruslar Yevropani yangi ta’sir doiralariga bo’lishni talab qilibgina qolmay, Sovuq urushdan keyin qit’ada ko’rilgan barcha xavfsizlik choralari va kelishuvlaridan voz kechishga ham chaqirdi. Bundan ko’plar shu qadar g’azablandiki, talab ko’lami shu qadar keskin bo’ldiki, mamlakatlar o’rtasida kelishmovchilik uchun joy qolmadi”, - deydi Londondagi Birlashgan xizmatlar qirollik instituti eksperti.
NATOga a’zo davlatlar hamda Shvetsiya va Finlyandiya kabi a’zo bo’lmagan ittifoqchi mamlakatlarda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, aholilar orasida alyansga hayrixohlik kuchaygan. Rossiyaning chegaradagi harbiy safarbarligi bu mamlakatlarda xavotir uyg’otgan.
“Rossiya bu bilan Yevropani bo’lib qo’yishni maqsad qilgan bo’lsa, aslida buning teskarisiga erishdi”, - deydi Eyal.
Ammo tahlilchi Aleks Titov Rossiya Ukraina va Gruziyani NATOga yaqinlashtirmaslik maqsadiga erishganini aytadi.
“Putin Ukraina va Gruziyaning NATOga qo’shilishi alyansning Rossiya bilan urushiga sabab bo’lishini bir necha marotaba aytgan”, - deydi u.
Bu o’rtada Ukraina sharqidagi mojaroni yumshatishga qaratilgan muzokaralar natija bermadi. Rossiya “Normand formati”dagi muloqotning izdan chiqqanida Ukrainani ayblamoqda.
Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya muzokarachilarining Berlindagi 9 soatlik suhbati natijasiz yakunlandi, yakuniy bayonot ham qabul qilinmadi.
“Ukrainaning pozitsiyasi o’zgargani yo’q. Donbassning bo’lajak maqomiga oid masalalar Ukrainadan ajralgan hududlar vakillari bilan kelishilgan holda aniqlanishi kerakligi haqidagi Minsk kelishuvlari bandlaridan qo’shma bayonot loyihasida iqtibos keltirishdan bosh tortishdi”, - deydi muzokaralarda qatnashgan Rossiya prezidenti ma’muriyatining vakili Dmitriy Kozak.
“Nafaqat Kiyevda, balki Berlinda ham Minsk kelishuvlariga amal qilish ishtiyoqini ko’rmadim”, deydi u.
Ukraina vakili Andrey Yermakning aytishicha, tomonlar muloqotni davom ettirishga, Donbassda sulhga amal qilishga kelishdi, biroq Rossiyaning chegaradagi ko’p ming sonli qo’shinlari bunga imkon bermayapti.
“Taranglikni yumshatish kerak, deeskalatsiya zarur. Chegaramizda Rossiya armiyasi turar ekan, tinch tura olmaymiz”, - dedi u.