Agar AQShda strategik qurollar sonini kamaytirishga qaratilgan START bitimini yangilash xohishi bo'lmasa, Rossiya undan voz kechishga tayyor.
Prezident Vladimir Putin bu haqda Sankt-Peterburgda o'tayotgan xalqaro iqtisodiy forumda bayon qildi. Uning aytishicha, Rossiya Venesueladan harbiy mutaxassislarini olib chiqayotgani yo'q. Sal avvalroq AQSh rahbari Donald Tramp ruslar bu mamlakatni tark etayotgani haqida tvit qilgan edi.
Putin Britaniya bilan aloqalarga ham to'xtalib, o'tgan yili sobiq rus josusining zaharlangani atrofidagi mojaroni unutish, munosabatlarni yangi sahifadan boshlash istagini bildirdi.
Ayni damda Rossiya va G'arb o'rtasida Ukraina va Suriyadagi mojarolar, Moskvaning o'zga davlatlar sayloviga aralashuvi hamda Britaniyaning Solsberi shahrida Sergey Skripalning falaj-asab gazi bilan zaharlangani yuzasidan ziddiyatlar davom etmoqda.
Qurol nazorati
Jurnalistlar bilan uchrashuvda Vladimir Putin Vashington 2021-yilda muddati tugayotgan START bitimini (inglizchada START - Strategic Arms Reduction Treaty; ruschada СНВ - Договор о сокращении стратегических наступательных вооружений) yangilash uchun muzokara boshlashni istamayotganini aytdi.
"Hech kimda xohish bo'lmasa, yangilash shart emas. Mavjud sistemalarimiz Rossiya xavfsizligini uzoq paytgacha ta'minlay oladi", - dedi u.
"Yangi START" (yoki SNV-3) nomli bitim 2010-yilda imzolangan bo'lib, uning doirasida ikki davlat yadro kallaklarini kamaytirishga, bir-birini tekshirishga rozi bo'lgan edi. 10 yilga mo'ljallangan shartnoma yangilanmasa, yana ikki yildan keyin kuchini yo'qotadi.
"2021-yilda hammasi tugaydi. Qurol poygasini to'xtatuvchi hech qanday vosita qolmaydi", - deydi Putin.
Vashington va Moskva 1987-yilda imzolangan O'rta masofali yadroviy qurollarni nazorat qilish to'g'risidagi bitim (inglizchada INF - Intermediate-Range Nuclear Forces Treaty, ruschada РСМД - Договор о ликвидации ракет средней и меньшей дальности) ustida ham kelisha olmayapti. AQSh Rossiyani unga amal qilmayotganlikda ayblab, undagi ishtirokini vaqtincha to'xtatgan. Rossiya bitimga zid bo'lgan qurollar ishlab chiqarganini inkor etib, keyinchalik o'zi ham undan chiqdi.
Mazkur bitim 500 dan 5500 kilometrgacha uchadigan raketalarni yaratish va ulardan foydalanishni taqiqlaydi.
Putin Tramp bilan oxirgi telefon muloqotida qurol nazorati masalasini ham muhokama qilgan. Unga ko'ra, konkret qadamlar tashlanishi kerak. Putinning yadro quroliga ega barcha davlatlar muhokamaga qo'shilsin degan taklifini Xitoy rad etgan.
Venesuela
Putinning aytishicha, rossiyalik texnik mutaxassislar Rossiya harbiy texnikasini sozlash maqsadida Venesuelada qolmoqda.
"Baza qurayotganimiz yoki askar yuborayotganimiz yo'q. Ammo harbiy-texnik hamkorlik bo'yicha majburiyatlarimizni bajaramiz", - deydi u.
Hafta boshida Tramp "Twitter" orqali Rossiya "o'z odamlarining aksariyatini Venesueladan olib chiqqani haqida bizga xabar berdi", deb yozgan edi. Mart oyida AQSh prezidenti Rossiyani Venesuelani tark etishga undagan edi.
Venesuela muxolifati rahbari Xuan Guaydo o'zini muvaqqat prezident etib e'lon qilgan. Uni AQSh va yana 50 davlat qo'llab-quvvatlamoqda. Amaldagi Prezident Nikolas Maduroni esa Rossiya, Xitoy va oz sonli yana bir necha davlat.