Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, AQShning qator rasmiylari endi bu mamlakatga kira olmaydi.
Vazirlik nazarida bu shaxslar terrorizmga qarshi kurashda qonunlarning buzilishiga ko’z yumgan, Guantanamo qamog’ida qiynoqlarga ruxsat bergan, Afg’oniston va Iroqda begunoh insonlarning hayotiga zomin bo’lgan.
Bu qaror aslida Vashington qilmishiga javob.
Amerika shu yoz Rossiyaning bir necha rasmiylarini qora ro’yxatga qo’yib, ularning bu davlatga safar qilishini man etgan edi.
Mazkur shaxslar orasida vazirlar, ularning o’rinbosarlari, yaqinlari va hatto mahalliy amaldorlar bor. Ular, deydi AQSh diplomatlari, o’tgan yili advokat Sergey Magnitskiyning qamoqdagi o’limiga aloqador odamlar.
AQShga tegishli sarmoya jamg’armasi "Hermitage Capital" da ishlagan Magnitskiy 2009-yilda hibsga olingan va turmada og’ir kasallikdan jon bergan edi.
Obama ma'muriyatining aniqlashicha, Rossiya rasmiylari mahbusga tibbiy yordam ko'rsatilishiga ruxsat bermagan. Kreml masalani tergov qilishga va'da bergan, ammo shu kungacha hech kim javobgarlikka tutilmagan.
Magnitskiy ichki ishlar vazirligini jamg'arma hujjatlarini o’g’irlab, millionlab dollarni o’zlashtirishga harakat qilganlikda ayblay boshlagach, unga qarshi jinoiy ish ochilgan. Unga soliq to’lamaganlik aybi qo’yilgan edi.
Siyosiy tahlilchilar nazarida "Hermitage Capital" Rossiya siyosati bilan o'ynashib kelayotgan kompaniya.
1996-yilda tuzilgan bu biznes jamg'arma asoschisi Vilyam Broder (William Browder) dastlab Vladimir Putinni yaqindan quvvatlagan, lekin keyinroq uning siyosatini savol ostiga ola boshlagan.
2006-yilda, Putin prezidentligi davrida, Broder Rossiyadan chetlatildi. Davlat xavfsizligiga raxna solayotgan shaxs deya tamg'a bosildi. G'arb matbuotining yoritishicha, Broderning asosiy shikoyati korrupsiya bo'lgan. Amaldorlarni u poraxo'rlikda ayblagan.
Shundan beri "Hermitage Capital" faoliyati va unga ishlagan odamlar tekshiruv, zo'ravonlik, tintuv va bosim qurboni, deya bildiradi jamg'arma. Tashkilot ommaviy axborot vositalari orqali Rossiya ichki ishlar tizimini jinoyatlarda ayblab keladi.
Magnitskiy Broderning maslakdoshi va Moskvadagi advokati bo'lgan. Hibsda o'lganida hali sudi boshlanmagan edi.