Rossiya amerikalik diplomatlarni haydamoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Moskvadagi elchixonasi

Rossiya hukumati bugun AQShning Moskvadagi elchixonasidan 58 ta, Yekaterinburgdagi konsullik xizmatidan ikki xodimni mamlakatdan haydashga qaror qildi. Ularga 5-aprelgacha muhlat berilgan. Kreml, shuningdek, AQShning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsullik xizmatini ikki kun ichida yopishni buyurdi.

4-mart kuni sobiq rus josusi Sergey Skripal va qizi Yuliyaning kimyoviy modda bilan Britaniyaning Solsberi shahrida zaharlanishida qirollik Kremlni mas’ul tutib, Londondagi Rossiya elchixonasidan 23 diplomatni haydashga qaror qiladi hamda AQSh va Yevropa mamlakatlarini ham shunga undaydi.

Qo’shma Shtatlar ittifoqchisi bilan birdamlik ramzi sifatida 26-mart kuni Rossiyaning 60 nafar diplomatini persona non-grata deb e’lon qilib, Sietl shahridagi Bosh konsullik xizmatini yopishga qaror qiladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Rossiyaning bugungi qarori javob chorasi bo’lib, unga qarshi bu ishga qo’l urgan har bir mamlakatdan muayyan miqdorda diplomatlar haydaladi.

Rossiya Skripallarga hujumga aloqadorligini inkor etarkan, Rossiyani dunyoga yomon qilib ko’rsatish uchun bu ishni britan razvedkasi amalga oshirganini ta’kidlamoqda.

Xabarlarga ko’ra, Yuliya Skripalning vaziyati yaxshilanmoqda, biroq otasining ahvoli hamon og’ir.

Britaniya politsiyasi voqeani tergov qilarkan, nazorat kameralarini o’rganmoqda, 1350 dan ortiq ashyolarni ko’zdan kechirmoqda, yuzlab guvohlarni so’roq qilmoqda.

AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsmenning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, rus diplomatlarining Amerikadan haydalishiga qaramay, Prezident Donald Tramp Rossiya bilan hamkorlik, yaqinroq muloqot tarafdori.

“Men ilgari ko’p prezidentlar bilan ishlaganman – ham respublikachi, ham demokrat. Aytish joiz, Tramp talabchan, natijani kutadi. Rossiya bilan aloqalarimizga doir jarayonlarni kuzatmoqda, qaysi yo’nalishda yutuqlar bor, Ukraina masalasida nimalar bo’lyapti – shularni bilishni istaydi”, - deydi Xantsmen.

Unga ko’ra, Rossiya bilan muammolar faqat Skripal ishi bilan bog’liq emas.

“Rossiya noqonuniy harakatlaridan voz kechib, o’zini mas’ul hamkor sifatida tutishi kerak. Masalan, Suriyaga kelganda. Rossiya bu mamlakatda kimyoviy qurollar qo’llanganini tergov qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasiga BMT Xavfsizlik Kengashida besh marta to’sqinlik qilgan”, - deydi AQSh elchisi.