Qo'shma Shtatlar Rossiyaning 60 diplomatini haydab, bu mamlakatning Sietl shahridagi bosh konsulligini ham yopmoqda. Oy boshida Britaniyada sobiq rus josusi va uning qizi zaharlangan edi. AQSh, Britaniya, Fransiya va Germaniya bu ish ortida Moskva turganini aytib, uni birgalikda jazolashga kirishgan.
"Rossiya Britaniya tuprog'ida kimyoviy quroldan foydalanganiga javoban, AQSh NATOdagi ittifoqchilari va boshqa hamkor davlatlar bilan hamkorlikda chora ko'rmoqda", - deyiladi Oq uy bayonotida.
Sobiq rus josusi Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Britaniyaning Solsberi shahrida, skameykada hushsiz holatda topilgan edi. Ular hozir og'ir ahvolda. Britaniya tergovchilariga ko'ra, ularni o'ldirish uchun Sovet Ittifoqi paytida ishlab chiqilgan, hozirda taqiqlangan "novichok" nomli kimyoviy modda qo'llangan.
Britaniya hukumati iqtisodiy jazo choralari qatorida 23 rus diplomatini haydadi. Rossiya ham xuddi shuncha ingliz diplomatlarini vataniga qaytargan. Yevropa Ittifoqi o'z elchisini Moskvadan chaqirib olgan.
Kreml Solsberidagi voqeaga aloqasi borligini qat'iyan rad etmoqda.
Amerikadan haydalayotgan 60 rus diplomati aslida razvedka xodimlari, deydi rasmiylar. Ularning ism-sharifi oshkor etilmayapti. Sietldagi konsullik idorasi 2-aprelgacha yopilishi kerak.
Bu - Tramp ma'muriyati Moskvaga qarshi hozirgacha ko'rgan eng keskin chora. Atigi bir hafta oldin Prezident Donald Tramp Vladimir Putinni saylov g'alabasi bilan tabriklagan edi.
"AQSh Rossiyani o'z xatti-harakatlari uchun javobgarlikni bo'yniga olishga, BMT Xavfsizlik Kengashi a'zosi sifatida o'z burch va majburiyatlarini bajarishga qodir ekanini namoyish etishga chaqiradi", - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Yevropaning o'nlab davlatlari ham Rossiyaga qarshi o'xshash qadamlar tashlashi kutilmoqda.
Facebook Forum