Rossiya AQSh joriy etgan yangi sanksiyalarga javob qaytardi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Moskvani kiber hujumlar, saylovga aralashuv va boshqa buzg’unchilik harakatlari uchun sanksiyalar bilan jazolamoqda. Prezident Jo Bayden telefon suhbatda Rossiya rahbarini bu haqda xabardor qilish bilan birga Yevropada o’tadigan sammitga taklif etdi.

“Manfaatlar mushtarak bo’lgan sohalarda Rossiya bilan ishlashimiz kerak va ishlaymiz. Rossiya AQSh manfaatlarini oyoq osti qilsa, javob beramiz. Davlatimiz, institutlarimiz, xalqimiz va ittifoqchilarimizni doim himoya qilamiz”, - deydi Bayden.

AQSh Rossiyaning 10 diplomatini haydab, 32 kompaniya va shaxsga qarshi sanksiyalar joriy etmoqda. Ular 2020-yilda Donald Trampga yordam berish uchun saylovga aralashgani aytiladi.

“Vashington jazo choralarini va Moskva uchun muhim bo’lgan sohalarda hamkorlik uchun imkoniyatlarni birgalikda qo’llayotganini ko’ryapmiz. Masalan, Qo’shma Shtatlar bilan strategik barqarorlik dialogi Putin uchun juda muhim. U Afg’oniston va Eron bo’yicha muzokaralarda ham ishtirok etishni istaydi. Ikkala yondashuvni birdek qo’llab, aloqalarni shakllantirish mumkin”, - deydi Yangi Amerika xavfsizlik markazi tadqiqotchisi Andrea Teylor.

Vashington ilk bor o’tgan yili dekabrda AQShning qariyb 100 kompaniyasi va hukumat idoralariga qilingan kiber hujumda Rossiyani ayblamoqda.

“SolarWinds” nomi bilan tanilgan kiber hujum ketidan tizimdagi kamchiliklar haliyam to’liq bartaraf etilmagan. Rossiya bundan foydalansa, AQSh bu davlatning razvedka idoralari, rasmiylari va ularning oilalariga nisbatan yana sanksiya qo’yishi mumkin”, - deydi dezinformatsiya bo’yicha tahlilchi Nina Yankovich.

Avvalgi sanksiyalar Moskvani qo’rqitgani sezilmaydi. Bu safar Bayden AQSh moliyaviy institutlariga Rossiyaning suveren obligatsiyalari bilan birlamchi bozorda savdo qilishni taqiqladi.

Zarur bo’lsa, deya birdirmoqda Oq uy, ikkilamchi bozorda ham savdo man etilishi mumkin. AQSh shu tariqa Rossiya iqtisodiyotiga bosimni oshirmoqda.

“Shu paytgacha Rossiya davlat qarzining 80 foizdan oshig’i, rublda amalga oshiriladigan qismi qora ro’yxatda emas edi. Endi cheklovlarni bu yo’nalishga ham kiritamiz va kerak bo’lsa kengaytiramiz”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.

Kreml ayblovlarni rad etadi.

“Bunday agressiv xatti-harakatlarga javob berishimiz muqarrar”, - dedi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova.

Bu bayonotdan ko’p o’tmay Rossiya ham amerikalik 10 diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishini e’lon qildi. Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, bir qancha AQSh rasmiylari, jumladan Adliya vaziri Merrik Garlend, Federal qidiruv Byurosi rahbari Kristofer Rey va Baydenning maslahatchisi Syuzan Raysning Rossiyaga kirishi taqiqlanadi.

Shuningdek, Rossiya Amerika diplomatlarining mamlakat bo’ylab erkin harakatlanishiga izn beruvchi kelishuvni bekor qiladi, AQSh elchixonasining Rossiya fuqarolarini ishga yollashini man etadi, Rossiyaga diplomatik sayohatlarni cheklaydi, Amerikaga qarashli nodavlat tashkilotlar va jamg’armalarni yopadi.

Vazirlik Amerika elchisi Jon Salivanning mazkur vaziyat muhokamasi va maslahatlashuv uchun o’z vataniga qaytishini ham “tavsiya” etmoqda.