AQSh va Rossiya Suriyada parvozlar xavfsizligini muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning SU-30 jangovar samolyoti

AQSh va Rossiya Mudofaa vazirliklari rasmiylari Suriya osmonidagi harbiy samolyotlari xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan muzokaralarni davom ettirmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, ikki davlat samolyotlari to'qnashuvining oldini olishni ko'zlovchi kelishuv muhokamada.

"Suriya masalasida fikrlarimiz bir joydan chiqmayotgan bo'lsa-da, hech bo'lmaganda uchuvchilarimiz xavfsizligi bo'yicha kelishib olishimi kerak", - dedi Karter.

Bu mamlakatlar harbiy samolyotlari Suriyada mustaqil ravishda nishonlarni urmoqda. Pentagonning bildirishicha, o'tgan hafta ikki tomonga qarashli samolyot bir-biriga yaqinlashib, orada 16 kilometr masofa qayd etilgan.

"Havoda ikki tomon o'zini professional darajada tutmoqda. Muloqotimizda olg'a siljish bor, yaqin orada yakunlaymiz", - dedi Karter.

Unga ko'ra, Rossiyaning Suriyadagi strategiyasi xato, natija bermaydi, undan voz kechmoq lozim, AQShning Suriyadagi harbiy rejalari esa o'zgarmaydi.

Rossiya AQShga Suriyada jangarilarni nishonga olishda hamkorlik taklif etgan, biroq Qo'shma Shtatlar undan bosh tortmoqda. Ularga ko'ra, Rossiya "Islomiy davlat" guruhini emas, Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi jang qilayotgan mo'tadil isyonchilarni bombardimon qilmoqda.

Bu o'rtada Rossiya havo hujumlari Suriya armiyasiga boy berilgan hududlarni qayta ishg'ol etishga yordam bermoqda. Suriya harbiy kuchlari Eron qo'shinlari va Livanning Hizbulloh harakati jangarilari yordamida Halabga yirik hujum rejalamoqda.