Islom Karimov vafotidan so’ng O’zbekiston Rossiya telekanallari va matbuotidagi asosiy mavzulardan biriga aylangan. Turli tok shoular, muhokamalar, ekspertlar ishtirokidagi ko’rsatuvlarga ko’ra, O’zbekistonda hukumat almashishi Rossiya uchun strategik imkoniyat.
Moskvadagi o’zbek faollari nazarida Kreml navbatdagi diktaturani qo’llab-quvvatlamoqchi, O’zbekiston xalqini emas.
Rus matbuotida yangrayotgan fikrlardan biri shuki, O’zbekistonda rahbar yangilanishi Markaziy Osiyoni Rossiyaning ta’sir doirasiga qaytarish uchun ayni muddao.
“Sputnik” agentligi G’arb axborot vositalari O’zbekistonga qarshi info urush olib bormoqda degan mazmunda maxsus konferensiya ham tashkil etgan.
“G’arb matbuoti tomonidan O’zbekistondagi vaziyatni, ijtimoiy siyosiy voqelik rivojini beqaror ko’rsatishga qaratilgan axborot xuruji kuzatilmoqda. Shunday ekan, bugungi uchrashuvimiz maqsadlaridan yana biri O’zbekistondagi voqelikni, shu jumladan yaqinda start berilgan saylov kampaniyasini ham qoralashga intilayotgan bunday informatsion targ’ibotni tahlil qilishdir”, - deyiladi Moskvada Kreml doirasidagi ekspertlar ishtirokida kechgan uchrashuvda.
Moskva O’zbekistondagi barqarorlikdan manfaatdor, degan gaplar har kuni quloqqa chalinadi.
Muhokamalarga Rossiyadagi o’zbek jamoatchiligi vakillari ham jalb etiladi. Lekin uzoq yillardan buyon Rossiyadagi o’zbekistonlik mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilib kelayotgan Bahrom Hamroyev bunday forumlarga chaqirilmaydi.
“Chunki men Rossiyaning munosabati o’zbek xalqiga do’stona emasligini ochiq aytaman, buni yuridik jihatdan ham ko’rsatib beraman. Albatta, siyosiy tomonlarini ham aytaman. Rossiya 25 yil davomida diktatura rejimini qo’llab-quvvatlab keldi. Men Rossiya ham diktatorning jinoyatlariga sherik deb aytganman, buni na radiosi na televideniyesi bergan. Hozir ham ular haqiqatni aytishmayapti, ammo haqiqat baribir aytiladi, men bo’lamanmi, boshqami, baribir aytiladi. Rossiya hozir o’zbek xalqiga do’stlik qilmayapti, yana diktaturani yangi formasini qo’llayapti, kosmetik o’zgarishlar qilmoqchi xolos”, - deydi Hamroyev.
Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjon tahlilicha, Rossiya televideniyesi zimmasiga o’zbek jamoatchiligini rossiyaparast qilib ko’rsatish yuklatilgan. O’zbekistonda erkin matbuotning yo’qligi, axborot bo’shlig’i - qulay imkoniyat.
“O’zbekistonliklarning juda ko’pi ish uchun Rossiyada qolayapti. Birinchi navbatda ularning dunyoqarashiga ta’sir o’tkazish, qolaversa O’zbekiston televideniyelarida ko’radigan narsaning o’zi yo’q, axborotiga hech kim ishonmaydi va Rossiyanikini ko’rishadi. Bu ham muhim ahamiyat kasb etadi. Rossiya bundan juda unumli foydalanayapti. O’zbekiston aholisini rossiyaparast qilib yetishtirayapti, shu bilan birga aksilamerika, aksilyevropa qarashlarini kuchaytirmoqda”, - deydi Safar Bekjon.
O’zbekistonni 27 yil davomida boshqargan Islom Karimov vafotidan so’ng Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev muvaqqat rahbarga aylandi. 4-dekabrda O’zbekiston prezidentligi uchun saylovlar belgilangan. Asosiy nomzod - Shavkat Mirziyoyev.