Urush vasvasasi Rossiya iqtisodiyotiga kuchli zarba bermoqda

  • Amerika Ovozi

Moskva ko'chalarida

Rossiya qimmatbaho qog'ozlar bozorida narxlar tobora pasayib, yirik bizneslar milliardlab dollar zarar ko'rmoqda. Prezident Vladimir Putin Ukrainaga hujumga buyruq berish arafasida degan kayfiyat hukmron ekan, rubl qiymati yanada tushib, mamlakat markaziy banki xorijiy valyuta xaridini cheklay boshlagan, maqsad - uning bahosini sal bo'lsa-da ushlab turish.

“Rossiya banki chet el pulini mahalliy bozorda sotib olmayapti", - deyiladi uning e'lonida. Bu qaror bilan bank moliyaviy bozor qulamasligini ta'minlamoqchi.

Neft va gaz eksportidan tushgan daromadni hukumat tezda konvertatsiya qilib, rublning jahon bozoridagi narxlar ta'sirida yanada arzonlashishining oldini olishga urinadi.

Bunday choralarga qaramasdan bu hafta rublning 2,3 foizga arzonlashishi bilan boshlandi.

Aksiya bozorida esa pasayish 10 foizdan yuqori. Ukrainaga qarshi urush vasvasasi avj olganidan beri, ya'ni 2021-yilning oktabridan boshlab, qimmatbaho qog'ozlar bozori deyarli 30 foiz zararda.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbiga ko'ra, AQSh Ukrainaga, Rossiya urush ochgan taqdirda, 8500 ga yaqin qo'shin yuborishi mumkin

Polshadan iqtisodiy tahlilchi Anders Aslund deydiki, bu hali boshlanishi. Ukraina bilan urush, agar yuz bersa, deydi u, federatsiya iqtisodini tamoman izdan chiqaradi.

“Kreml Ukrainaga agressiyani kuchaytirganidan beri mamlakat aksiya bozorida narx AQSh dollarida 27 foizga pasaydi", - deydi ekspert.

Aslund 2008-yilda Gruziya bilan urushda qimmatbaho qog'ozlar 80 foizga arzonlashganini xotirlaydi. U paytda jahon iqtisodi ham inqirozda edi.

Bu orada Yevropa bozorlarida vaziyat hozircha normal, deydi mutaxassislar, rivojlangan davlatlarda siyosiy mojarolar bozorni susaytirishi qiyin.

Buni ham ko'ring AQSh Ukrainaga qurol uzatmoqda, diplomatlari oilalarini evakuatsiya qilmoqda

Ekspertlar bunga tarixdan qator misollar keltiradi, ammo uzoq muddatda har qanday ziddiyat va beqarorlik iqtisodiy zarbadir, hatto dunyoning eng kuchli tizimlari uchun ham. Shu bois Yevropa Rossiya harakatlaridan ko'zini uzmayapti.

AQSh va Britaniya Ukrainadan ayrim diplomatlari va ularning oilalarini vatanga qaytarar ekan, Yevropa sarmoyadorlari va tijoratchilari xavotirda.

Oq uy Ukraina himoyasi uchun 8500 harbiy yuborish ustida o'ylanayotgani vaziyat naqadar qaltis ekanidan dalolat, deydi Germaniya va Fransiyadan iqtisod va siyosatni kuzatib turgan mutaxassislar.

Yevropa, umuman olganda, tabiiy gazning qariyb yarmini Rossiyadan oladi. Yangi sanksiyalar qo'yilsa, Kreml eksportni to'xtatish ehtimoli yuqori. Bu har ikki tomon uchun zarar, deydi ekspertlar, ammo yonilg'i taqchilligi va qimmatligidan qiynaladigan qator davlatlar federatsiyadan ko'proq qiynaladi.

Xalqaro sarmoya banklari taxminicha, Rossiya-Ukraina mojarosi qurolli olishuvga aylansa, Yevropada energiya bahosi misli ko'rilmagan darajada ko'tarilishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti Yevropaga bu borada yordam berish uchun strategiya ishlab chiqayotgani ma'lum, xususan tabiiy gaz ta'minotida ko'maklashish uchun.

Buni ham ko'ring Boltiqbo’yi davlatlari AQSh qurollarini Ukrainaga jo’natmoqda

Bayden ma'muriyati bu tashabbusga Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi hamkorlari hamda Yevropa kompaniyalarini jalb qilgan.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson deydiki, Ukraina chegarasida Rossiyaning 60 bo'limdan iborat qo'shini saflanib turgani Kreml urush ahdida qat'iy ekanidan dalolat.

"Lekin biz unga aniq tushuntirishimiz kerakki, bunday qadam o'ta halokatlidir", - deydi Jonson.

“Moskva shuni anglashi lozimki, Ukrainaga bostirib kirish avvalo uning o'zi uchun mislsiz zarar va azob keltiradi. Qon to'kiladi. Rossiya xalqi bu urush yangi bir Chechenistonni ochib berishi mumkinligini tushunishi kerak".

1990-yillarda Chechenistonda kechgan urushlarda o'nlab ming odamning yostig'i qurigan, ketma-ket mojarolar milliardlab dollarga tushgan.

Jon fikricha, Kreml yetti o'lchab bir kesishi kerak.