Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 125-kun. G7 sammiti, NATO yig'iniga hozirlik, Kremenchug shahriga hujum

  • Amerika Ovozi

Ukrainaning Poltava viloyatidagi Kremenchug shahri

"Katta Yettilik" (G7) sammiti yakunlari

Bugun Germaniyada “Katta Yettilik” sammitining so’nggi kunida Ukrainaga yordam, Rossiyaga esa zarar yetkazish choralari muhokama qilindi. Yig’inga Rossiya bilan iliq aloqada bo’lgan va G’arb sanksiyalariga qo’shilmagan Argentina, Hindiston, Janubiy Afrika va Indoneziya rahbarlari taklif etildi. Yevropa Ittifoqi va Jahon savdo tashkiloti vakillari ham muhokamalarda qatnashdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-iyun, 2022-yil

Sammit mezboni, Germaniya Kansleri Olaf Shols Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoraladi.

“Rossiyaning Ukrainaga hujumi burilish nuqtasini yaratdi. Urush sabab barcha qoidalar va mamlakatlar o’rtasidagi hamkorlikka doir shartnomalar barbod bo’ldi. Ayniqsa chegaralar kuch bilan o’zgartirilmasligi kerak degan kelishuv”, - dedi Shols.

“Katta Yettilik” rahbarlariga virtual murojaat qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy va iqtisodiy yordam so’radi, mojaroning kuchayishi va boshqa hududlarga tarqalishidan xavotirda ekanini aytdi.

"Belarus xalqi va harbiylariga murojaat qilmoqchiman – sizlarni urushga tortishyapti. Hamma narsa sizning o’rningizga Kremlda hal bo’lgan. Hayotingizning ularga zarracha ham qiymati yo’q. Ammo siz qul emassizku!”, - dedi Zelenskiy.

“Katta Yettilik” Rossiyaga iqtisodiy zarar yetkazish yo’llarini muhokama qildi. Son-sanoqsiz sanksiyalarga qo’shimcha ravishda import qilinayotgan rus nefti va gazi narxini cheklash ehtimoli ko’rilmoqda.

Biroq, deydi tahlilchilar, Rossiyadan katta chegirma bilan neft sotib olayotgan Hindiston bilan hamkorliksiz bu ishdan biror natija chiqishiga ishonch yo’q.

“Chora samarali bo’lishi uchun barcha xaridorlar unga rozi bo’lishi kerak. “Katta Yettilik” a’zolari bu masalada yakdil, biroq Hindiston, Xitoy kabi yirik davlatlar Rossiyadan neft sotib olishda davom etyapti. Urush masalasida Rossiya pozitsiyasini egallagan yoki betaraf turgan Xitoy bu ishga ko’nmaydi. Biroq Xitoysiz ham Rossiya pul oqimlariga jiddiy zarar yetkazsa bo’ladi”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutidan tahlilchi Den Xamilton.

Kreml neft va gaz narxlarini cheklash harakatlariga munosabat bildirar ekan, shunday bo’lgan taqdirda shartnomalar o’zgartirilishi haqida ogohlantirdi.

Ukrainada urush boshlanganidan so’ng AQSh va G’arb mamlakatlari Rossiyaga dollar va yevroda savdo qilishga to’siq qo’ydi. Moskva gaz savdosi uchun to’lovlarni rublga o’tkazish orqali javob berdi.

Germaniya kansleriga ko’ra, Prezident Vladimir Putin Ukrainaga hujum xato bo’lganini tan olmaguncha G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari bekor qilinmaydi.

"Qrim bo’yicha joriy etilgan sanksiyalar haligacha turibdi. Rossiya Donbassda gijgijlagan isyondan keyin qo’yilgan sanksiyalar ham turibdi. Ulardan ancha qattiq bo’lgan hozirgi sanksiyalar ham turadi”, - dedi Shols.

“Katta Yettilik” rahbarlari dunyoda ocharchilikka qarshi kurashga 4,5 milliard dollar va’da qildi. Pulning yarmini AQSh ajratadi. Pul 47 ta mamlakatga yordam berishga, mintaqaviy tashkilotlarni moliyalashga sarflanadi.

“Katta Yettilik” Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni jonlantirishga qaratilgan muzokaralarni davom ettirish xususida ham gaplashgan. 2015-yilda imzolangan hujjat AQSh 2018-yilda undan chiqishi ketidan to’xtab qolgan.

NATO sammitiga hozirlik

Sammit ishtirokchilari endi ertaga Madridda boshlanadigan NATO majlisida kengaytirilgan tartibda yana uchrashadi. Bugun Ispaniyaga borgan AQSh Prezidenti Jo Bayden yig’indan oldin Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan ko’rishdi.

Alyans sammitda Rossiyani eng asosiy dushman deb belgilashi kutilmoqda. NATO tezkor javob kuchlari sonini 300 mingdan oshirmoqchi. Ayni damda ularning soni 40 mingdan ko’proq.

Erdog'an Finlyandiya va Shvetsiya rahbarlari bilan uchrashdi

Sammit doirasida Finlyandiya va Shvetsiyani NATOga qabul qilish va Turkiyanung bu masaladagi e’tirozi ham ko’rib chiqiladi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bugun Madridda NATO bosh kotibi, Shvetsiya bosh vazirasi va Finlyandiya prezidenti bilan ko’rishdi.

Ispaniyaga borishdan oldin Erdog’an shu mavzuda so’zlab, alyansni Turkiya xavfsizligi va manfaatlariga, Kurdiston ishchilar partiyasi va Xalq mudofaa otryadlari kabi turkiyalik va suriyalik kurd jangarilari Turkiyaga solayotgan tahdidga ko’z yumayotganlikda aybladi.

Anqara Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zolik uchun arizasiga fotiha berish evaziga bu mamlakatlarda panoh topgan kurd faollarini Turkiyaga chiqarish, qurol savdosiga qo’yilgan taqiqlarni bekor qilish shartini qo’ygan.

Shvetsiyalik kurdlar o’z taqdiridan xavotirda ekanini aytmoqda.

“Men bu mamlakatga qochqin bo’lib kelganman. Biz bu yerda xavfsiz bo’lamiz deb o’ylaganman. Biroq yaqindan beri bunday fikrdan uzoqman. Diktatura hukm surayotgan mamlakat demokratiyamizga changal solmoqchi”, - deydi 32 yoshida Erondan Shvetsiyaga qochib, 2008-yilda mahalliy parlamentga saylangan kurd millatiga mansub qonunchi Amina Kakabava.

Ukrainaning Kremenchug shahriga raketa hujumlari

Ukraina prezidenti Rossiyani mamlakat markazidagi Poltava viloyatida joylashgan Kremenchug shahrida savdo markazini raketa bilan nishonga olganlikda aybladi.

Zelenskiyga ko’ra, hujum paytida markazda mingga yaqin odam bo’lgan. 18 kishining nobud bo’lgani aytilmoqda. Yaradorlar bor.

"Bu tasodif hujum emas. Bu savdo markazini ataylab nishonga olgan zarba”, - dedi Zelenskiy.

Rossiya Mudofaa vazirligi Kremenchukdagi voqeani izohlarkan, aslida hududda xorijiy qurollar saqlangan ombor nishonga olinganini va portlash oqibatida unga yaqin joylashgan savdo markazini alanga olganini ma’lum qildi. Vazirlik savdo markazi ishlamasligini bildirdi.

AQShning Ukrainadagi yangi elchisi qasamyod keltirdi

Bu o’rtada Amerikaning Ukrainaga tayinlangan yangi elchisi Bridjet Brink AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris oldida qasamyod keltirdi. Bungacha Slovakiyada elchilik qilgan Brink nomzodi 18-may kuni Senatda tasdiqlangan edi.

Chorak asrlik diplomatik tajribaga ega bu ayol AQShning O’zbekiston va Gruziyadagi elchixonalarida, AQSh Davlat departamentida, Oq uy qoshidagi Xavfsizlik kengashida ishlagan.