Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi vaziyat bo’yicha unga hisobot bergan Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan suhbat chog’ida Mariupoldagi “Azovstal” zavodi shturmini to’xtatishni buyurdi. Unga ko’ra, rus jangchilari hayotini saqlab qolish maqsadida zavodni qamalda ushlab turish maqsadga muvofiqdir.
Your browser doesn’t support HTML5
Vazir Shoyguning aytishicha, yerosti yo’llaridan iborat ulkan po’lat zavodida 2000 dan ortiq ukrainalik harbiy himoyalanmoqda. Ularning pozitsiyalari bir necha kundan beri hujumga uchramoqda.
"Sanoat zonasiga hujum qilishdan foyda yo’q. Hujumni bekor qilishni buyuraman. Zobitlarimiz hayoti va sog’lig’ini asrashni o’ylashimiz kerak. Bu katakombalarga kirib, sanoat inshootlari bo’yicha yer ostida sudralib yurishga hojat yo’q. Ushbu sanoat zonasi shunday to’silsinki, birorta pasha uchib o’tmasin”, - dedi Putin.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, ukrain askarlarida oziq-ovqat va qurol-yarog’ zaxiralari tugab bormoqda.
Ukraina prezidenti idorasi rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovichning aytishicha, Putinning ushbu buyrug’i zavodni ishg’ol qila ololmayotganidan darakdir. Uning taxminiga ko’ra, zavodga bombalar yog’ilishda davom etadi, rus qo’shinlarining bir qismi esa Donbassga yo’naltirilishi mumkin.
“Putin Mariupolning “ozod etilishi”ni muvaffaqiyat deb atagan bo’lsa-da, zavodni olmaguncha to’liq g’alabaga erisha olmaydi”, - dedi Arestovich.
Ukrainadagi xorijiy jangarilar
Rossiya armiyasining Donetsk va Lugansk viloyatlarda hujumlari davom etarkan, Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi vakili Oleksandr Shtupunning aytishicha, so’nggi 24 soatda rus qo’shinlarining 9 ta hujumi qaytarilgan.
Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Aleksey Danilovga ko’ra, Rossiya Donbassda asosiy hujumni hali boshlamagan, Ukraina harbiylari salohiyatini tekshirmoqda, ruslar tarafida 500 ga yaqin suriyaliklar va liviyaliklar jang qilmoqda.
Efiopiyaliklar ham Rossiya tarafida jang qilish istagini bildirmoqda. Rossiyaning Addis-Abbebadagi elchixonasi yonida ko’ngilli sifatida yozilmoqchi bo’lgan odamlarni uchratish mumkin.
“Men bilan armiyada xizmat qilgan tanishlarimdan biri qo’ng’iroq qilib, shunday ehtimol borligini, ruslar sobiq harbiylarni yollayotganini aytib qoldi. Rossiya hukumatini qo’ldan kelgancha qo’llab-quvvatlashga tayyorman”, - deydi 30 yashar bir savdogar.
Ukraina safida ham yuzlab xorijiy, asosan Amerika va Yevropadan, yollanma jangchilar xizmat qilmoqda.
AQSh va G’arb davlatlari Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralab chiqqan bir paytda Osiyo va Afrika mamlakatlarining katta qismi bu masalada asosan betaraf bo’ldi.
Bayden ma’muriyati Xitoy va Hindistonni Rossiyaga G’arb sanksiyalarini aylanib o’tishda yordam bermaslikka, rus yoqilg’isi va qurolini sotib olmaslikka chaqirgan. Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ham shu maqsadda bugun Hindistonga bordi. Dehli Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiyadan neft importini kuchaytirgan.
Ukrainadagi mojaroni “Rossiya bosqini” deb atashdan bosh tortib kelayotgan Xitoy Prezidenti Si Zinpin esa G’arbga ishora qilgan holda davlatlarni “Sovuq urush mentaliteti va bir tomonlama siyosat”dan voz kechishga chaqirdi.
AQShning Ukrainaga qo'shimcha harbiy yordami
AQSh Prezidenti Jo Baydenning harbiy rahbariyat bilan Oq uydagi uchrashuv chog’ida aytishicha, Putin Ukrainaga hujum qilganida NATO jipslashadi deb o’ylamagan.
Bayden Ukrainaga qo’shimcha 800 million dollarlik harbiy yordam yuborish haqida e’lon qildi. Xususan, Ukrainani 72 ta gaubitsa zambaraklari, 144 ming dona snaryad va 121 ta dron bilan ta’minlashga qaror qilingan. Bayden, shuningdek, Rossiya kemalarini Amerika portlariga yo’latmaslik, Ukrainaga Rossiyaga doir razvedka ma’lumotlarini uzatishni davom ettirish haqida ham ma’lum qildi.
AQShning Ukrainadagi urushga aralashuviga munosabat
Amerikada o’tkazilgan eng so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, fuqarolarning 54 foizi nazarida, Bayden Ukraina masalasida Rossiyaga nisbatan yetarlicha qattiq siyosat yuritmayapti.
"Sanksiyalarni darrov joriy etish kerak edi. Razvedkamiz urush boshlanishi haqida ogohlantirganidayoq”, - deydi 45 yashar Greg Koni ismli bostonlik bir demokrat.
Ushbu so’rovdan ma’lum bo’lishicha, AQShning bu mojaroga aralashuvini qo’llab-quvvatlayotganlar soni qisqarmoqda, amerikaliklarning 32 foizigina Amerika bu mojaroda muhim rol o’ynashi kerak degan fikrda. O’tgan oy bundaylar 40 foiz atrofida edi.
"Dunyo mirshabi bo’lishimiz, begona mojarolarga aralashishimiz kerak deb o’ylamayman. Oq uy va Kongress ichki muammolarga diqqat qaratishi, Bayden saylov kampaniyasi paytida bergan va’dalarini bajarish bilan mashg’ul bo’lishi kerak deb hisoblayman”, - deydi Jennifer Brayant ismli vashingtonlik bir ayol.
Bayden ma’muriyati Yevropadagi ittifoqchi davlatlar himoyasi uchun qo’shin yubormoqda, biroq Ukrainaga askar safarbar etilmasligini ta’kidlagan. Ijtimoiy so’rov qatnashchilarining 55 foizi ham bunga qarshi.
"Amerika harbiylari Ukrainada Rossiyaga qarshi jang qilishiga mutlaqo qarshiman. Mamlakatimizga aloqasi yo’q urushlarda askarlarimizni o’limga yubormasligimiz kerak”, - deydi harbiylar oilasidan chiqqan Brayant.
Germaniya Ukrainaga og'ir qurol beradimi?
Germaniya Kansleri Olaf Sholsning Ukrainaga tank va zirhli transport vositasi kabi og’ir qurol uzatmaslik qarori ayrim ittifoqchi davlatlar va Germaniyadagi ba’zi siyosatchilar tanqidiga uchramoqda.
“Bild” gazetasida chop etilgan maqoladan ma’lum bo’lishicha, Shols Ukraina hukumati mart oxirida so’ragan 15 xil qurolning 12 tasini ro’yxatdan o’chirib tashlagan. Kiyevning joriy oyda Berlinga yana ikkita murojaati javobsiz qolgani aytilmoqda.
Shols siyosatiga uning koalitison hukumatdagi hamkori, “Yashillar” partiyasi rahbari, ayni paytda Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok qo’shilmaydigan ko’rinadi. Berbokning bugun Tallinda Boltiq davlatlari vazirlari bilan uchrashuvi chog’ida aytishicha, Germaniya Ukrainaga uzatilishi mumkin bo’lgan qurollar turiga taqiq qo’ymagan. U “Marder” va “Leopard” rusumidagi tanklarning Ukrainaga berilishini hisobdan chiqarmadi.
Ba’zi mamlakatlar Germaniyani Rossiya gazidan voz kechishga ojizlikda ayblar ekan, Berbok uning hukumati yil oxirigacha rus nefti importini butunlay to’xtatishini bildirdi. “Gaz importi esa asta-sekin kamaytirila boradi”, - dedi u.
Ispaniya va Daniya bosh vazirlari Kiyevda
Daniya Bosh vazirasi Mette Frederiksen hamrohligida bugun Kiyevga borgan Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches uning mamlakati Ukrainaga yangi qurol partiyasini uzatishi haqida e’lon qildi.
Zelenskiyning Yevropa rahbarlari bilan uchrashuv chog’ida aytishicha, Ukraina Mariupoldagi zavodda qamalda qolgan harbiylarini qutqarish uchun harbiy amaliyot rejalamoqda.
Rossiyaning javob sanksiyalari
AQSh va G’arb sanksiyalariga javoban Rossiya bugun qora ro’yxatiga Kanadaning 61 va AQShning 29 fuqarosini qo’shib qo’ydi. Amerika vitse-prezidenti, Pentagon so’zlovchisi, davlat kobining rafiqasi, “Facebook” asoschisi Mark Sukerberg shular jumlasidan.
Rossiya, shuningdek, Boltiq davlatlarining o'xshash siyosatiga javoban Estoniya, Litva va Latviyaning o'z hududidagi konsullik xizmatlarini yopmoqda.