Bugun AQShning Germaniyadagi Ramshtayn harbiy-havo bazasida 40 dan ortiq mamlakat mudofaa vazirlari va harbiy rahbarlari uchrashib, Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaga harbiy yordam ko’rsatish xususida gaplashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, urush yangi bosqichga kirishi bilan Ukrainaning qurollarga talablari o’zgarib bormoqda va ittifoqchi davlatlar buni inobatga olishi kerak.
"Ukraina g’alaba qilishiga ishonadi. Bu yerda to’plangan barchamiz ham shunday fikrda”, - dedi Ostin.
AQSh vaziri Rossiyani harbiy jinoyatlarda aybladi, Ukrainaga bosqinni asossiz, noqonuniy va mulohazasiz, xalqaro tartibga asoslangan qoidalarga zid va erkin odamlar uchun muammo deb atadi.
Ostin va AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yakshanba kuni urush boshlanganidan beri ilk bor Kiyevda bo’lib, Ukraina rahbariyati bilan gaplashdi, qo’shimcha harbiy yordam va’da qildi.
Germaniya Mudofaa vazirasi Kristin Lambrext Ukrainaga samolyotga qarshi “Gepard” rusumidagi zenit sistemalari uzatilishini ma’lum qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, G’arb qurollari Ukrainaga hududiga yetishi bilan rus armiyasi uchun asosli nishonga aylanadi. U Ukraina rahbariyatini G’arbni mojaroga chuqurroq aralashtirish orqali Rossiya bilan to’g’ridan-to’g’ri to’qnashuv ehtimolini keltirib chiqarayotganlikda aybladi. Lavrov bunday sharoitda yadroviy to’qnashuv ehtimoli mavjudligini tilga oldi.
Rossiya G’arbdan Ukrainaga yetkazilayotgan qurollar va yoqilg’ini tashishda ishlatiladigan temir yo’l infratuzilmasini va ko’priklarni nishonga ola boshlagan.
Mudofaa vazirligi so’nggi bir kunda Ukrainada 87 ta harbiy inshootga zarba berilganini, 500 ga yaqin harbiy yo’q qilinganini ma’lum qildi.
Bu o’rtada Ukrainaga qo’shni Moldovadan Sovet Ittifoqi qulashidan oldin ajralib chiqqan, biroq haligacha xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Pridnestrovyeda uchta xuruj sodir etilgan.
Dnestr daryosining chap tarafida joylashgan hududda Rossiya radiosini efirga uzatuvchi ikkita eski yirik antenna hamda poytaxt Tiraspolda Davlat xavfsizlik vazirligi binosi nishonga olingan.
Rossiyaning Pridnestrovyeda harbiy bazasi bor. Xurujlar ortida kim turgani ma’lum emas. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya Ukrainadan keyin G’arbga moyil siyosat tutayotgan Moldovaga ham hujum qilishi mumkin.
Moldova Prezidenti Maya Sandu hujumlarni mintaqada ziddiyatlarni kuchaytirishga qaratilgan harakat deb atadi.
Kreml Pridnestrovyedagi vaziyatning jiddiy xavotirga molik ekanini, uni yaqindan kuzatayotganini bildirdi. Ukraina esa xurujlarni Rossiyaning provokatsiyasi deb atamoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun Moskvada bo’lib, Tashqi ishlar vaziri Lavrov va Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi, ertaga Ukrainaga borishi kutilmoqda. Guterrish Ukrainada sulhga, muloqotga, tinch aholini urush zonalaridan evakuatsiya qilishga chaqirdi.