Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 97-kun. Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari bo'yicha kelishuv

  • Amerika Ovozi

Xarkov tevaragi, Ukraina

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketiga kelishilgani haqida ma’lum qildi. Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyenning aytishicha, tashkilotga a’zo mamlakatlar rahbarlari yil oxirigacha Rossiya nefti importini 90 foizga qisqartirishga kelishgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 31-may, 2022-yil


Shu kungacha neft embargosiga qarshi bo’lgan Vengriya hamda Sloveniya va Chexiya rus neftini sotib olishga qo’yilgan taqiqdan bir muddat mustasno bo’ladi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning aytishicha, Yevropa yuqori inflyatsiya, qimmat yoqilg’i bilan yuzlashib turgan bir paytda rus neftidan voz kechish uning mamlakati uchun halokatli bo’lardi.

Yevropa Ittifoqiga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarini neft savdosidan tushgan daromad hisobiga moliyalamoqda va sanksiyalar uning bu salohiyatiga zarba berishi kerak.

Kipr e’tirozi tufayli sanksiyalarning oltinchi paketida Rossiya fuqarolariga Yevropa Ittifoqida mulk xarid qilishga taqiq qo’yilmaydi.

Tashkilot “Sberbank”ni SWIFT xalqaro to’lov tizimidan chetlatishga, Rossiyaning uchta davlat televideniyesiga Yevropa Ittifoqi hududida efirga chiqishni ham man qilishga kelishib oldi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi saflarida sanksiyalar bo’yicha hamjihatlik yo’qligini tanqidga oldi.

"Nega Rossiyaga, uning bosimiga tobesiz? Teskarisi bo’lishi kerak. Rossiya sizga tobe bo’lishi kerak. Nega Rossiya haligacha energiya mahsulotlari savdosidan kuniga salkam bir milliard yevro ishlab olyapti?”, - dedi Zelenskiy.

Bu o’rtada neft bozorida yoqilg’i qimmatlashmoqda. “Brent” markasining bir barrel xom nefti salkam 124 dollarga chiqdi, Yevropada benzin va dizel narxlari oshmoqda.

Neft ishlab chiqaruvchi davlatlar tashkiloti G’arb da’vatlariga qaramay, ishlab chiqarishni oshirgani yo’q.

Milanda asoslangan ISPI tahlil markazi eksperti Matteo Villaning aytishicha, Yevropa Rossiya yoqilg’i mahsulotlari uchun yagona bozor emas.

"Rossiya xorijda boshqa xaridorlarni izlamoqda va topmoqda. Odatda har doimgidek bu Xitoy va Hindiston. Neft ularga chegirma bilan sotilmoqda. Narx bozorda keskin oshsa, Rossiya yaxshi pul ishlab oladi va sanksiyaning ta’siri sezilmaydi. Shunga qaramay, sanksiyalar Rossiyaga zarar qilyapti. Kelasi bir necha hafta va oyda buni kuzatib, aniq bilib olamiz”, - deydi u.

Tabiiy gazni ayrim mamlakatlarga rublda sotishga o’tgan Rossiya uning bu talabini qabul qilishdan bosh tortgan Niderlandiyaning “GazTerra” kompaniyasiga mahsulot uzatishni to’xtatib qo’ydi. Sentabr oxirigacha bu mamlakatga 2 milliard kubometr gaz uzatilishi kerak edi.

“Gazprom” aprel oyi uchun pul tushmaganini bildirdi. Niderlandiya hukumati boshqa kompaniyalar bilan kelishganini ma’lum qildi.

Rossiya shu kungacha rublda to’lashdan bosh tortgan Bolgariya, Polsha va Finlyandiyaga gaz ta’minotini o’chirib qo’ygan.

Donbassda esa harbiy to’qnashuvlar davom etmoqda. G’arb matbuotiga ko’ra, Ukraina sharqida Rossiya qurolli kuchlarining qo’li baland kelmoqda. Buni Zelenskiy ham tan oldi. Unga ko’ra, mintaqada vaziyat og’ir.

Zelenskiy Rossiyani Ukraina bug’doyi saqlanayotgan portlarni iskanjaga olib, dunyoda oziq-ovqat kamomadi va narxlar ko’tarilishiga sabab bo’layotganlikda aybladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, agar Ukraina Qora dengizni o’z minalaridan tozalab bersa, Rossiya bug’doyni olib chiqishga qarshilik ko’rsatmaydi.

Zelenskiy Rossiyani Xarkovni o’qqa tutganlikda, Rossiya esa ukrain qurolli kuchlarini bo’lginchilar nazoratidagi Donetsk shahriga hujum qilib, bir necha odamni, jumladan ikki homilador ayolni o’ldirganlikda aybladi.

Lugansk viloyatining Severodonetsk shahrida rus va ukrain armiyasi qattiq olishmoqda. Shaharning yarmi Rossiya kuchlari nazoratida.

Rossiya boshqaruviga o’tgan Xerson shahrida esa shu haftadan boshlab rubl muomalaga kiritilib, Ukraina milliy valyutasi grivna bilan bir paytda qabul qilinmoqda. Oziq-ovqat va mahsulotlarning katta qismi qo’shni Rossiyadan olib kirilmoqda. Xerson va Zaporojye viloyatlari Rossiya uyali aloqa va internet tizimiga ham o’tkazildi.