Rossiya-Ukraina mojarosi. So'nggi voqealar

  • Amerika Ovozi

Oq uy Kongressdan Ukraina uchun 37 milliard dollarlik yordam so'ramoqchi

AQShda yangi Kongress yanvar oyida ish boshlashidan oldin Bayden ma’muriyati Ukrainaga qo’shimcha yordamni o’z ichiga olgan 37 milliard dollarlik qonun loyihasini tasdiqlatib olmoqchi. Kongress yangi yilgacha eski tartibda ishlayapti, yanvar oyidan esa respublikachilar quyi palatada ko’pchilikni tashkil etadi. Ular ham Ukrainani qo’llab-quvvatlash tarafdori, biroq yordam uchun ajratilayotgan pulni qattiqroq nazorat qilishni talab etishyapti.

“Bizdan qattiqroq nazorat, shaffoflik va javobgarlik. Istalgancha pul berilmaydi”, - deydi respublikchi kongressmen Maykl Makkol.

Shu kungacha Ukrainaga barcha turdagi yordam biror to’siqsiz berilib kelgan. Oq uy 37 milliard dollarlik yangi paket qabul qilinishidan umidvor. Shundan salkam 22 milliard dollari harbiy, razvedka va mudofaa, 14,5 milliard dollari esa gumanitar maqsadlarni hamda Ukraina hukumatiga moliyaviy yordamni ko’zlaydi.

"Qo’shma Shtatlar bu urushda Ukrainaga keragicha yordam beradi. Bu masalada ikkilanish, bo’sh kelish, ortga qaytish bo’lmaydi”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.

Respublikachilar Ukrainaga yordam berishdan voz kechmoqchi emas, biroq oldingi yordam miqdorini hamda ajratilgan pul nazoratsiz sarflanayotganini tanqid qiladi, pul qayerga ketayotganini tekshirmoqchi.

“Sarfiyatlar Amerika xalqi uchun shaffof bo’lishini, javobgarlik bo’lishini ta’minlaymiz. Bu Amerika soliq to’lovchilarining puli. Ukraina xalqiga bu kurashda yordam berish uchun irodamizni zaiflashtirdimi bu? Yo’q. Ammo buni mas’uliyat bilan amalga oshiramiz”, - deydi Makkol.

Tahlilchilar: Safarbar etilgan rus askarlari Belarusda tayyorgarlikdan o'tmoqda

Ukrainadagi urushni kuzatayotgan ayrim tahlilchilarning aytishicha, Rossiyaning qisman safarbar etilgan 10 ming askari Belarusda harbiy tayyorgarlikdan o’tyapti, Prezident Aleksandr Lukashenko esa Rossiyaga tank kabi og’ir texnika uzatmoqda. Belarus muxolifatining surgundagi yetakchisi Svetlana Tixanovskaya “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ikki mamlakat o’rtasidagi harbiy hamkorlik haqida ma’lumot berdi.

Tixanovskayaning aytishicha, bu urushda Aleksandr Lukashenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning eng yaqin ittifoqchisidir.

“Rossiyaga yordam uzatish orqali Lukashenko hokimiyatda uzoqroq qolishga umid qilyapti, Putinga sodiq ekanini ko’rsatmoqchi”, - deydi ayol.

G’arbdagi mutaxassislarning taxmin qilishicha, rus qo’shinlari qo’shni mamlakatda faol shug’ullanmoqda. Tixanovskaya ularning soni o’sishini bashorat qiladi.

“Ba’zi xabarlarga ko’ra, Belarusda kazarmalar to’lgan, Rossiya askarlari uchun qo’shimcha kazarmalar quryapti, shunda ko’proq rus qo’shinlarini Belarusga jo’natsa bo’ladi”, - deydi u.

Tixanovskayaga ko’ra, Belarus harbiy texnikani temir yo’l orqali yubormoqda.

“Rossiya tomondan ham eshelonlar Belarusga kelayotganiga guvohmiz”, - deydi u.

Yevropa tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Pavel Slunkinning aytishicha, Rossiya Belarusga zarar ko’rgan texnikani yuboryapti.

“Belarus nafaqat yaralangan rus askarlarini davolovchi, balki ishdan chiqqan rus bronetransportyorlari va tanklarini ta’mirlovchi markazga ham aylangan. Ta’mirdan o’tgan texnika avval Rossiyaga, so’ng frontga jo’natiladi”, - deydi Slunkin.

Belaruslik tahlilchi Anton Molotkoning aytishicha, uning mamlakati oktabr oyida Rossiyaga 211 dona harbiy texnika uzatgan. Unga ko’ra, bunday ma’lumot temir yo’l xizmatchilaridan olinyapti.

“Bundan ikkita xulosa qilish mumkin. Birinchisi, Rossiya juda ko’p texnikasini ishga solgan, ikkinchisi esa Belarus armiyasi mojaroda qatnashadi deb o’ylamayman”, - deydi Pavel Slunkin.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya ma’lum pallada Ukraina va xususan poytaxt Kiyevga Belarus hududidan hujum qilishi mumkin.

Ukraina mojarosi yadroviy xavfsizlikka tahdidmi?

Kecha Ukrainaning davlat atom energiyasi kompaniyasining rahbari Pyotr Kotin Rossiya Zaporojye atom elektrostansiyasini tark etishga hozirlanayotgan bo’lishi mumkin deya taxmin bildirdi. Rus qo’shinlari stansiyani mart oyida qo’lga olgan. Shundan beri har ikki tomon bir-birini uni o’qqa tutayotganlikda ayblab keladi. Kotinga ko’ra, so’nggi paytda rus matbuotida ZAESni Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma nazoratiga o’tkazish kerakligi haqida ko’p ma’lumot uzatilmoqda.

Ukraina prezidentining maslahatchisi Mixaylo Podolyakning aytishicha, rus qo’shinlari chegaragacha chekinishga majbur bo’lyapti va atom inshootini tashlab chiqishiga to’g’ri keladi.

Biroq Kreml bugun bu da’volarni inkor etdi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, shuningdek, Vatikanning Ukraina va Rossiya o’rtasida muzokara uchun vositachilik taklifini olqishladi, biroq Kiyev bunga tayyor emasligini ta’kidladi.

10 kun oldin Rim papasi Fransisk mojaroga barham berish maqsadida Vatikan vositachi bo’lishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Muzokaralar yadroviy to’qnashuv ehtimolining oldini olish uchun ham muhim ekani aytilmoqda. AQShning Moskvadagi elchixonasida elchi o’rnini egallab turgan muvaqqat ishlar vakili Elizabet Rudning Rossiyaning “RIA Novosti” axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, AQSh va Rossiya razvedka xizmatlarida yadroviy xavfni bartaraf etish mexanizmi mavjud, biroq tomonlar bu mavzuda hozir maslahatlashuv olib borayotgani yo’q.

Oy boshida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining direktori Uilyam Byorns Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin bilan uchrashib, Oq uyga ko’ra Rossiyani Ukrainada yadro qurolini ishga solmaslik haqida ogohlantirgan.

Ertaga Misr poytaxti Qohirada AQSh va Rossiya vakillari yadroviy mavzuda bir haftalik muhokama boshlashi kutilmoqda.