Rossiyaning dron va raketa hujumlari ketidan Ukrainada energetika infratuzilmasiga jiddiy zarar yetgan, ko’plab viloyat va shaharlarda elektr va suv ta’minoti izdan chiqqan, hatto poytaxt Kiyev zulmatda. Qahraton qish yaqinlashar ekan, aholini og’ir kunlar kutmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Kiyev meri Vitaliy Klichko imkoni borlarni, shahar chetida avtonom suv tizimi, pech bilan ta’minlangan dala hovlisiga ega odamlarni yoki xorijga chiqa oladigan poytaxtliklarni ma’lum muddat Kiyevdan ketishga chaqirdi.
Rossiyaning so’nggi hujumlarida Ukrainadagi mavjud to’rtta atom elektrostansiyasi so’nggi 40 yilda ilk bor faoliyatini to’xtatishga majbur bo’ldi. Payshanba kuni ikkita inshootda elektr ta’minoti tiklanib, faoliyati jonlandi. Stansiyalarning uchtasi Ukraina hukumati nazoratida, eng yirigi Zaporojyeda bo’lib, uni ruslar boshqarmoqda.
Chorshanba kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashiga qilgan virtual murojaatida rus havo hujumlarini to’xtatishda yordam so’radi, ittifoqchi davlatlarni Ukrainani havo mudofaasi tizimi bilan ta’minlashga chaqirmoqda.
Ukraina havo mudofaasi tizimining raketasi o’tgan hafta Polshaga tushib ikki odamni o’ldirishi ketidan Germaniya Varshavaga “Patriot” havo mudofaasi tizimi bilan Polsha havo sarhadlarini himoya qilishni taklif etdi. Polsha mudofaa vaziri esa tizimni Ukrainaga topshirish fikrini bildirdi.
Germaniya Mudofaa vazirasi Kristin Lambrextning bunga javoban aytishicha, “Patriot” tizimi faqat NATOga a’zo davlatlar hududida joylashtirilishi mumkin, xolos, va boshqa joyga ko’chirish uchun NATO va ittifoqchilar bilan maslahatlashish kerak.
Biroq NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, bunday tizimlarni Ukrainaga uzatish har bir mamlakatning mustaqil qaroridir.
Bugun Kiyevga tashrif buyurgan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli Ukrainaga bir necha million funt sterlinglik yangi yordam paketi haqida ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy va Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bilan uchrashgan britan rasmiysi Rossiya havo hujumlarini qoraladi.
O’tgan shanba Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham Kiyevga borib kelgan.
Britaniya eng boshidan Ukrainaga siyosiy va harbiy ko’mak ko’rsatib keladi, Rossiya nefti narxini cheklashga da’vat etib kelayotgan mamlakatlardan.
“Katta Yettilik” guruhi va Yevropa Ittifoqi yoqilg’i narxini bir barreliga 70 dollardan oshirmaslikka kelishishga harakat qilmoqda. Biroq Sharqiy Yevropa davlatlari narxni yanada kamaytirishni talab qilyapti.
Zelenskiy Polshadan chiqqan bu taklifni qo’llab-quvvatlab, bugun Kaunasda to’plangan Polsha, Litva, Latviya va Ruminiya rahbarlariga virtual murojaatida Rossiya neftini bir barreliga 30 dollardan ortiq narxda sotib olmaslik taklifiga qo’shilishini aytdi.
Kreml neft narxini cheklash bu mamlakatlarning neftsiz qolishiga olib kelishi haqida ogohlantirdi.
Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainada asirdan qaytgan harbiylar tasvirlangan videoni tarqatdi. Xabarlarga ko’ra, Ukraina va Rossiya 50 tadan mahbus almashgan. Mojaro boshidan beri esa jami mingdan oshiq urush asirlari vataniga qaytarilgan.
Bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin maxsus harbiy amaliyotda qatnashayotgan ayrim harbiylarning onalari bilan uchrashdi. Rossiya 24-fevral kuni urushni salkam 180 ming qo’shin bilan boshlagan, sentabr oyida esa qisman safarbarlik doirasida yana 300 ming odam harbiy xizmatga chaqirtirildi.
"Farzandlarini yo’qotgan onalarga gapim shuki, g’amingizga sherikmiz. Bunday judolikning o’rnini bosib bo’lmasligini tushunamiz”, - dedi u.
Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning sentabr oxirida aytishicha, Rossiya bu urushda salkam 6000 askar yo’qotgan. Shundan beri Rossiyaning talafotlari bo’yicha ma’lumot yangilanmagan.