Amerikaning sharqiy shtatlari dovul changalida

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

Qo’shma Shtatlar qudratli dovuli bilan olishmoqda. Sharqiy sohil bo’yidagi shtatlar "Sendi" to'foni ostida.

Atlantika okeanidan kelgan to'fon 1200 kilometrlik hududni o'z girdobiga olgan. 50 milliondan oshiq aholi yashovchi bu yerda kuchli shamol, yomg'ir va toshqinlar kuzatilmoqda.

Soatiga 137 kilometrga yaqin tezlikda urgan ofatning markaziy nuqtasi Nyu-Jersi shtati sohillari bo'ldi.

Filadelfiya, Vashington va Nyu-York shaharlarida jamoat transporti, xususan, avtobus, metro va poyezd qatnovi to’xtagan, maktablar yopiq.

AQSh qimmatbaho qog’ozlar bozori ham ishlamayapti. Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi barcha uchrashuvlar qoldirilgan.

1,5 million xonadon elektr quvvatisiz qolgan. 12 ming reys bekor qilingan.

To'fon Amerika iqtisodiyotiga 10-20 milliard dollar zarar yetkazishi kutilmoqda.

Prezident Obama aholiga murojaat qilib, dovulni jiddiy qabul qilishga chaqirdi. Odamlarga yetarli suv va oziq-ovqat zaxirasi jamlash, yoritgich va batareyalar olib qo’yish tavsiya qilinib, bir necha kun elektr chirog’i bo’lmasligi ehtimoli haqida ogohlantirilgan.

Nyu-York, Pensilvaniya, Merilend, Virjiniya va Shimoliy Karolina, jami 10 shtat, va poytaxt Vashington shahrida favqulodda holat e’lon qilingan. Delaver shtati hukumati ayrim hududlardan odamlarni evakuatsiya qilishni buyurgan.

Prezident Obama dovul ehtimoli sabab ikki shtatda saylov kampaniyasini bekor qilib, favqulodda holatlar xizmatlariga tayyor turishni aytgan. Respublkachi raqibi Mitt Romni ham Virjiniyadagi uchrashuvlarini qoldirgan.

Sendi dovuli Bagama, Kuba, Yamayka va Gaitidan ham o’tib, 60 kishining hayotiga zomin bo’ldi.

http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=phg&id=1535073&w=640&h=506&skin=embeded