Saudiya Arabistoni: "Islomiy davlat" hujumini to'xtatdik, 400 kishi hibsda

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonida "Islomiy davlat" jangari guruhiga aloqadorlik gumoni bilan 400 dan ziyod odam hibsga olingan, deyarli barchasi o'zining fuqarolari.

Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, politsiya Sharura viloyatida masjidlar, diplomatik idoralar, qurolli kuchlar va hukumat idoralariga hujum rejalangani haqida xabar topgan va yirik operatsiya o'tkazgan.

Hibsdagilarning ayrimlari may oyida shia masjidiga qilingan hujumda qatnashgan, deydi rasmiylar. O'shanda 25 kishi halok bo'lgan edi. Iyun oyida ham bir masjidda Saudiya Arabistoni fuqarosi o'zini portlatgan.

"Islomiy davlat" bu hujumlarda "bid'atchi shialar"ni nishonga olganini aytadi.

Kimyoviy qurollar

"Islomiy davlat" Suriya va Iroqda kurd jangchilariga qarshi kimyoviy qurollarni qo'llagani xabar qilinmoqda.

Britaniyada asoslangan ikki tashkilot bu borada tekshiruv o'tkazgan. Hujumlar 21-22-iyun kunlari, shuningdek, 28-iyunda Suriya shimoli-sharqidagi Hasaka shahrida ro'y bergan.

Tergovchilarning aytishicha, kurd jangchilariga qarata otilgan raketalar ko'z, burun va tomoqni achitadigan, boshog'riq va odamni vaqtincha shol qiladigan gaz tarqatgan. Tezda tibbiy yordam ko'rsatilgani bois jangchilar orasida o'lganlar yo'q.

Ma'lumotlarga ko'ra, yaqinda "Islomiy davlat"dan tortib olingan inshootlarda gaz maskalari topilgan. Bu degani, ular kimyoviy urushga ham tayyor, deydi tergovchilar.

Qo'shma Shtatlar milliy xavfsizlik kengashi vaziyatni yaqindan kuzatayotganini bildirdi.