ShHT Afg'oniston, umuman, mintaqa xavfsizligini kafolatlay oladimi?

ShHTning Ufadagi sammitida Afg'oniston prezidenti Ashraf G'ani ham ishtirok etdi. Mamlakat hali a'zo emas, kuzatuvchi maqomida.

Rossiyada o'tgan sammitda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar mintaqa xavfsizligini mustahkamlash xususida gaplashgan.

Ayniqsa, Afg'onistonda ekstremistik guruhlarning kuchaygani mintaqaga jiddiy tahdid sifatida e'tirof etildi. Ammo kuzatuvchilar nazarida bu tashkilotning Afg'onistondagi vaziyatga ta'siri zaif, guruhning yangi a'zolar, hatto Afg'oniston hisobiga kengayishi xavfsizlikni kafolatlashi gumon.

ShHTning Ufadagi sammitida Afg'oniston prezidenti Ashraf G'ani ham ishtirok etdi. Mamlakat hali a'zo emas, kuzatuvchi maqomida.

Sammitda Afg'onistondagi vaziyat, ekstremistik guruhlar kuchayishi mintaqa uchun tahdid ekani alohida ta'kidlandi. Bu haqda prezident Vladimir Putin ham, Islom Karimov ham sammitdagi chiqishlarida ta'kidlab o'tdi.

Sammit ortidan Kobulni ham qo'shib olish haqidagi muhokamalar yana kuzatilmoqda. Rossiyalik ekspert Andrey Sirenko:

“ShHTning asosiy maqsadlaridan biri tashkilotga a'z bo'lgan davlatlar xavfsizligini taminlash. Bunga esa Afg'oniston bo'yicha aniq bir siyosatdan shakllantirmasdan erishib bo'lmaydi. Afg'oniston ancha yillardan buyon mintaqaga xavf tug'dirayotgan asosiy omil. Shunday ekan Afg'onistonga nisbatan yangi bir siyosatsiz Rossiya ham, Xitoy ham, mintaqa davlatlari ham xavfsizlikka erishishi qiyin. ShHTning Afg'onistonga e'tibori oshayotgani shu mantiqqa asoslanadi. O'ylashimcha, Afg'oniston to'laqonli a'zo sifatida qo'shilishi muqarrar. Bu Rossiyaga, Xitoyga, boshqa manfaatdor davalatlarga ham Afg'onistonda rasman bo'lish imkoniyatini yaratadi”, - deydi ekspert “Pravda.ru” nashridagi intervyusida.

ShHTdagi so'nggi kengayishlar O'zbekistonda savollar uyg'otayotgan.

Karimov terrorizmga qarshi kurashda ShHT imkoniyatidan foydalanish zarurligini ta'kidlasa-da, tashkilotning harbiy ittifoqqa aylanishini istamaydi.
Putin bilan o'tgan uchrashuvida Karimov tashkilotga yangi a'zolar qo'shilishi geosiyosiy kuchlar o'rasida raqobatni oshiradi, deya xavotir bildirdi.

O'zbekistonlik siyosatshunos Anvar Nazirning aytishicha, ShHTda mintaqa xavfsizligini kafolatlash imkoniyatlari juda zaif, tashkilotning Afg'onistondagi vaziyatga ta'sir ko'rsatish qudrati esa yanada shubhali.

“ShHT Afg'onistondagi harbiy, moliyaviy, boshqa muammolar uchun javob berishga tayyormi? Albatta, yo'q, bunday imkoniyat unda yo'q. Bu ishni qilayotganlar hammaga ma'lum - bu NATO, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, boy arab davlatlari, Pokiston, Hindiston. Bu iki davlat esa allaqachon Afg'oniston bilan o'z kanallarini o'rnatgan, buning uchun ShHTga ehtiyoj yo'q. Tashkilot yechim bo'ladigan yangi texnik imkoniyatlar berayotgani yo'q. Har xil tadbirlar o'tkazish mumkindir, lekin amalda aniq ish qilayotganlar boshqa. Masalan, hozir muzokaralar ketayapti, Afg'oniston hukumati va toliblar o'rtasida, u yerda Xitoy ham bor vositachi sifatida. Buning uchun ham ShHT shart emas. Yordam bermoqchi bo'lganlar shundoq ham yordam berayapti, lekin ShHT bunaqa tashkilot emas”, - deydi Anvar Nazir.

Afg'onistonda “Islomiy davlat” jangarilari paydo bo'lishi mintaqada xavotir bilan qabul qilindi. Tojikiston, Turkmaniston bilan chegara yaqinida kuzatilgan janglar esa bu davlatlarni jiddiy tashvishga qo'ydi. Vaziyat qaltislashgan taqdirda real yordam masalasi ochiq qolayotganini ko'rsatdi.