Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a'zo mamlakat rahbarlari Rossiyaning Ufa shahrida uchrashib, xalqaro masalalar qatorida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalasini ham muhokama qildi. Unda, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika mamlakatlari ishtirokida BRIKS yangi taraqqiyot banki hamda valyuta zaxirasi tuzildi.
Your browser doesn’t support HTML5
ShHT raisligini qabul qilib olgan Islom Karimov tashkilotning kengayishi dunyodagi geosiyosiy kuchlar muvozanatini o`zgartirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Bu haqda u prezident Putin bilan o`tgan ikki tomonlama uchrashuvda bildirgan.
Islom Karimovning aytishicha, ShHTga yadroviy qurolga ega ikki davlat - Hindiston va Pokistonning qo`shib olinishi dunyodagi geosiyosiy kuchlar balansida jiddiy o`zgarishlar qiladi.
“Menda O`zbekistonning bu tashkilotga raisligi davrida yuzaga kelishi kutilayotgan ko`plab savollar bor, bu murakkab savollarga faqat siz javob berishingiz mumkin”, - dedi Karimov Putin bilan o`tgan ikki tomonlama uchrashuvda.
Karimovga ko`ra, ShHTga aholisi soni, imkoniyati, yadroviy qudrati jihatidan ham kuchli bo`lgan bu ikki yirik davlatni qo`shib olish jarayoni oddiy bo`lmagan hodisa. Karimov bu narsaning O`zbekiston raisligi davriga to`g`ri kelayotganidan bezovtalik bildirdi.
“Ularning ShHTga qo`shilishi nafaqat siyosiy xaritani o`zgartiradi, balki geosiyosiy kuchlar joylashuvini ham o`zgartiradi. Bu esa o`z-o`zidan oddiy emas, murakkab vaziyatni yuzaga keltiradi, buni maslahatlashib olish kerak. Rossiya bilan Xitoy tashkilotda hal qiluvchi rol o`ynashi kerak, ular yaxshi tushunadi bu muammoni, ya'ni bu narsa boshqariladiganmi yoki boshqarish qiyin bo`lgan jarayonmi?” - deya so'raydi O'zbekiston rahbari.
Karimovning xavotirlarini eshitgan Putin esa qiyidagicha javob berdi:
“Islom Abdug`aniyevich, tasavur qiling, O`zbekiston, prezident Karimov ShHTga Hindiston va Pokistonni olib kelib, dunyoda yangi siyosiy reallik yaratdi”.
Putining yarim hazil ohangida aytgan bu qochirig`iga javoban Karimov shuning uchun ham bu masalani yuzma-yuz gaplashish lozimligini aytdi.
Ufada so`nggi uch kun ichida Rossiya ishtirokidagi ikki yirik tashkilot - ShHT va BRIKS sammiti o`tdi. Ukraina voqealari ortidan Rossiya G`arb sanksiyalariga yo'liqqan bir paytda o`tayotgan bu qo`shaloq sammitni, asosan, aksilg`arbiy qarashlar birlashtirib turgani aytilmoqda.
Siyosatshunoslarga ko`ra, Kreml tomonidan aksilg`arbiy siyosat kuchaytirilayotgani G`arb bilan aloqalarini tiklab borayotgan, mintaqada geosiyosiy kuchlarning muvozanat saqlashiga befarq bo`lmagan O`zbekistonda xavotir uyg`ota boshlagan.
“O`zbekiston tashqi siyosati ham mintaqaning boshqa davlatlari kabi geosiyosiy o`lchami juda kuchli, ya'ni qudratli davlatlar o`rtasida muvozanatni saqlashga qaratilgan edi. Agar bu muvozanat hozir ShHT, BRIKS bilan bog`liq tarzda o`zgarib borsa, O`zbekiston ham tashqi siyosatida bunga javoban o`zgarishlar qilishga majbur bo`ladi. Ya'ni G`arb, AQSh, NATO bilan yiroqlashish emas, aksincha, AQSh bilan, Yevropa bilan aloqalarni yanada rivojlantirishi mumkin. Albatta, bu mening qarashim, chuqur analiz qilish kerak, ammo siyosiy yo`nalishimiz G`arb tomon yanada yaqinlashishi mumkin", - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.
ShHTning Ufada o`tgan sammiti yakunida tashkilotga raislik O`zbekistonga topshirildi, Hindiston va Pokistonni tashkilotga qo`shib olish jarayoni boshlandi. Navbatdagi sammit esa O`zbekistonda o`tishi belgilandi.