Sietlni dunyoga tanitgan dargohlardan biri bu Vashington Universiteti (University of Washington). 1861-yilda ochilgan bu oliygohda 43 mingga yaqin talaba o'qiydi. Professor va muallimlar soni 16 mingdan oshadi. Universitet byudjeti 2 milliard dollarga yaqin.
Vashington Universiteti tadqiqot markazlari, huquqshunoslik va siyosatshunoslik fakultetlari bilan tanilgan. Xususan Markaziy Osiyo xalqlari, ularning madaniyati va hayotiga bu yerda e'tibor katta.
Vashington Universiteti O'zbekiston va qo'shni davlatlardagi oliygohlar bilan hamkorlik qilib keladi. Sharq tillari va siviliziatsiya fakulteti, deydi dekan Bob Steysi (Bob Stacey), insonparvarlik va tinchlikparvarlik sohasida kadrlar yetishtiradi.
“Tinchlik korpusi”ni olsangiz, unga kiradigan ko’ngilli xizmatchilarning asosiy qismi bizdan. Bu yerda biz kam o’rganiladigan ammo strategik ahamiyatga ega tillarni o’rgatamiz. Masalan, Markaziy Osiyo xalqlarining tillari. Bu darslar va tadqiqotlar uchun federal hukumat ham mablag’ ajratadi. Mintaqa bo’yicha kurslarga 50 yil oldin asos solingan”,- deydi u.
“Diplomatlar, gumanitar yordam va xalqaro tashkilotlarni yuritadigan mutaxassislar, qolaversa, xalqaro biznes va jahon bozorini tebratadigan kadrlar. Bu yerni tamomlagan insonlarni butun dunyo bo’ylab turli sohalarda uchratasiz.”
Chet eldan talabalar ko’p, lekin Markaziy Osiyoni o’rganayotganlarning aksariyati amerikaliklar. Darslar talabga qarab taklif qilinadi. Kimdir yosh talaba, yana kimdir esa allaqachon diplomat yoki xalqaro mutaxassis va masalan, O’zbekistonga borishidan avval tilni charxlash uchun bu yerga kelgan. O’qituvchilarni topish ham qiyin emas, deydi dekan Bob Keysi. Mintaqadan kelgan domlalar bor, shuningdek, amerikalik professorlar.
Markaziy Osiyodagi vaziyat, AQShning mintaqaga nisbatan strategiyasi yuzasidan ma’ruza o’qib kelayotganlardan biri - Skott Radnitz (Scott Radnitz). Bu olim Vashingtondagi siyosiy doiralarga ham maslahat berib turadi.
“Boshqa joylarga qaraganda, Markaziy Osiyo biz uchun ancha yangi mintaqa, chunki u Amerika uchun ochilganiga endi 20 yil bo’ldi. Shu bois hali akademik jihatdan qilinadigan ishlar juda ko’p. Bizning olimlar orasida qiziqish, tabiiyki, juda katta. Sotsiologlar, antropologlar, siyosatshunoslar… Hamma regionni tadqiq qilishga harakat qilmoqda. Talabalarimiz ham u yerga oshiqadi”,- deydi Radnitz.
Markaziy Osiyoga nisbatan qiziqish ayniqsa o’tgan 10 yil ichida, ya’ni 11-sentabr voqealaridan keyin kuchaydi. Bu xalqlar hayoti va madaniyati yangi bir fanga aylandi, mavjud dasturlar kengaytirildi.
“Amerikaning mintaqaga nisbatan siyosati Afg’onistonga bog’liq bo’lsa-da, ziyolilar, ilm maskanlari, masalan biz, Markaziy Osiyoni har jihatdan tadqiq qilishga bel bog’laganmiz. Siyosat o’z yo’liga. Uning ilmiy izlanishlarga u qadar dahli yo’q. Jamiyat va iqtisod, axborot vositalari va jurnalistika, tarix va madaniyat, ekologiya va resurslar… Mavzularning cheki yo’q”,- deydi Radnitz.
Bu o’quv yilida o’zbek, uyg’ur va qozoq tillariga ahamiyat katta. Talabalar – kasb-hunarli amerikaliklar. Zamon ulardan mintaqaga ko’proq borib ishlashni talab qilayotgani uchun ular yana sinfxonalarga qaytgan, deydi professor Talant Makonuli (Talant Mawkanuli).
“Talabalarimiz bu tillarga juda jiddiy yondashadi. Bilimini amalda qo’llashga chanqoq. Son jihatdan ko’p emas, ammo puxta va salmoqli. Xalq og’zaki ijodi deysizmi, turmush tarzi, din… Mintaqa hayotining har bir jabhasiga qiziqadi”,- deydi professor.
Bu sohalarda dars berish region bilan muntazam aloqada bo’lishni talab qiladi, deydi qozoq tili va madaniyatidan dars beradigan Talant Makonuli. Talabalarga tilni mashq qilish uchun mos muhit yaratib berish kerak.
“Mintaqaga borib, u yerdagi hamkasblardan maslahat olaman. Darsliklar, metodika haqida gaplashaman. Tajriba almashamiz. Turkiy tillar va bu xalqlar madaniyati bir joyda qotib qolmagan. Shu bois biz doimiy izlanishdamiz. Talabalar adabiy tilni ham, sheva va lahjalarni ham bilishi kerak deb hisoblaymiz”,- deydi Makonuli.
O’zbek tili va adabiyoti, bu xalq madaniyati va tarixi, bugungi kunidan saboq berish – professor Ilza Sirtautas (Ilse Cirtautas) uchun hayotiy maqsad. Sharafli ish, deydi u.
Professor O’zbekistonga 1972-yildan beri har yili borib keladi. Vashington Universitetida Markaziy Osiyo deganda ko’pchilikning ko’z oldiga mana shu ayol keladi. Darslik va qo’llanmalar yaratishda uning xizmati katta. Mintaqa bo’ylab barcha yirik ilm dargohlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’ygan. Sietl-Toshkent birodarlik aloqalarini yuritishda ham uning roli beqiyos.
“Amerika va O’zbekiston ziyolilari, ayniqsa ilm-fan namoyandalari orasida doimiy muloqot olib borish kerak. Bir-birimizdan o’rganishimiz, bir-birimizga yordamlashishimiz lozim”,- deydi professor.
Ilza Sirtautas Sovet davrida ham Markaziy Osiyoda ona tillarga e’tibor qaratgan. Kitobxonlik va kutubxonachilikni targ’ib qilib keladi.
Shu kunlarda u Toshkentda katta yangi kutubxona ochish ustida ishlamoqda. AQSh elchixonasi va O’zbekiston hukumati bu tashabbusni olqishlagan.
“Toshkentda uch milliondan oshiq odam yashaydi, lekin faqat bitta jamoat kutubxonasi bor – Alisher Navoiy nomidagi maskan. Qolgan kutubxonalar yo universitetlarniki, boshqa dargohlar va tashkilotlarga qaraydi. Jamoat kutubxonalari hammaga eshigini ochishi kerak”, - deydi professor Ilza Sirtautas.
Darslar boshlanar ekan, biror o’zbekistonlik talabani ko’rmadik. Professorlar aytganidek, studentlar asosan amerikaliklar yoki muhojirlarning bu yerda esini tanigan farzandlari. Oldiga aniq maqsadlar qo’ygan yoshlar, bo’lajak diplomatlar, tinchlik va farovonlik yo’lida xizmat qiluvchi mutaxassislar. Ular bilan muloqotimiz – kelgusi maqolalarimizda.
Amerika Manzaralari, 5-dekabr, 2011: