Janubiy Koreya Pxenyanga yuqori darajali delegatsiya yubormoqda

  • Amerika Ovozi

Janubiy Koreya prezidenti matbuot kotibi Yun Yan Chen Shimoliy Koreyaga delegatsiyaning borishi haqida jurnalistlarga ma'lum qilmoqda, Seul shahri, 4-mart, 2018-yil

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In Shimoliy Koreya bilan aloqalarni yaxshilash hamda yarimoroldagi taranglikka barham berish yo’llarini muhokama qilish uchun qo’shni mamlakatga yuqori darajali delegatsiya yubormoqchi.

“Turli mavzularda atroflicha muhokamalar bo’lishi kutilmoqda. AQSh-Shimoliy Koreya muloqoti uchun sharoit yaratish haqida ham gap ketadi”, - dedi Janubiy Koreya rahbarining matbuot kotibi Yun Yan Chen.

Biroq muloqotga AQSh-Janubiy Koreya qo’shma harbiy mashg’ulotlari pand berishi mumkin. Shimoliy Koreya davlat axborot agentligining bildirishicha, agar aprel oyidagi mashqlar qoldirilmasa, Pxenyan javob berishga majbur bo’ladi.

Janubiy Koreya delegatsiyasi 10 kishidan iborat bo’lib, unga Milliy razvedka xizmati boshlig’i Su Xun hamda prezidentning milliy xavfsizlik maslahatchisi Chun Yu Yon rahbarlik qiladi. Shimoliy Koreya lideri Kim Chen Un janub prezidentini mamlakatga taklif qilgan, biroq Mun Jey Indan hozircha javob olingani yo’q.

Pxenyandagi muzokaralardan so’ng Janubiy Koreya delegatsiyasi AQShga yo’l olib, Amerika rasmiylarini Shimoliy Koreya bilan kechgan muloqot mazmunidan xabardor qiladi.

O’tgan oy Pxyonchxandagi Qishki Olimpiya o’yinlarining ochilish va yopilish marosimlarida ikki Koreya sportchilari bir bayroq ostida o’tdi. Kim Chen Unning singlisi, Shimoliy Koreyada tashviqot uchun mas’ul Kim Yo Chen delegatsiyaga rahbarlik qildi. 1950-53-yillardagi Koreya urushidan beri janubga shimoldagi hukmron sulolaning vakili qadam qo’ymagan edi.

Pxenyan rasmiylari Janubiy Koreya prezidentiga Shimoliy Koreya AQSh bilan muloqotga tayyor degan, biroq Amerika Prezidenti Donald Tramp ma’lum shartlar bajarilsagina muzokara qilamiz, deb javob berdi.

Trampning aytishicha, u Kim Chen Un bilan yuzma-yuz gaplashishga qarshi emas, biroq buning uchun Shimoliy Koreya yadro qurollaridan voz kechishi zarur.