Janubiy Sudan prezidenti isyonchilar bilan tinchlik bitimini imzolamadi

  • Amerika Ovozi

Janubiy Sudan Prezidenti Salva Kiir

Janubiy Sudan Prezidenti Salva Kiir 20 oydan beri davom etayotgan fuqarolar urushiga yakun yasash maqsadida muxolifat bilan tinchlik bitimini imzolashdan bosh tortdi. Efiopiya poytaxti Addis-Abebada o'tgan muzokaralarda qatnashgan vositachilarning aytishicha, Kiir 15 kunlik muhlat so'ragan. U safdoshlari bilan maslahatlashmoqchi ekanini bildirgan.

Muzokaralarga Sharqiy Afrikaning bir necha mamlakati, AQSh va Xitoy homiylik qilmoqda. Isyonchilar rahbari, sobiq vitse-prezident Rik Machar Kiirning qaroridan ajablanganini yashirmadi.

"Unga qo'shimcha vaqt nima uchun kerakligini tushunmadim. Bitim yaxshi tuzilgan. Hokimiyatni baham ko'ramiz, biroq hozirgi hukumatda ko'proq vakolat bo'ladi. Bunday hujjatni nega imzolamaganiga aql bovar qilmaydi", - dedi Machar.

Janubiy Sudan prezidenti Twitter orqali "rioya qilinmaydigan tinchlik bitimini imzolashdan foyda yo'q" deb yozdi.

"Hujjat bugun imzolanib, ertaga yana urush boshlansa, bunday bitimdan nima naf" deydi Kiir.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, agar tinchlik shartnomasi imzolanmasa, tomonlar jazolanadi.

Janubiy Sudan prezidenti va iste'foga chiqarilgan vitse-prezidenti o'rtasidagi nizo 2013-yil dekabrida fuqarolar urushining boshlanishiga olib keldi.