Sovet Ittifoqidan keyingi dunyo... Rossiya bugun qanday o'ringa ega?

  • Amerika Ovozi

Sovet Ittifoqidan keyingi dunyo... Rossiya bugun qanday o'ringa ega?

Bundan 20 yil oldin Sovet Ittifoqi parchalanganida G'arb ahli buni chuqur hayajon bilan kuzatgan. Amerika va SSSR, g'arbiy va sharqiy blok, kapitalizm va kommunizm orasidagi uzoq yillik raqobat, siyosiy kurash poyoniga yetib, jahonda geostrategik muvozanat o'zgardi. Bugunga kelib ahvol qanday?

Sovet Ittifoqi 15 davlatga bo’linib ketganidan so’ng bu respublikalar kuchi va resurslari hisobiga dunyoni titratgan qudratli imperiyadan asar ham qolmadi.

Eng yirik respublika bo’lgan Rossiya jahon sahnasida SSSR chalik qudratga erisha olmadi.


Rossiya bo’yicha mutaxassis, londonlik tahlilchi Jeyms Niksining aytishicha, Rossiya haligacha bunga ko’nika olmayapti.

“Buyuk kunlar ortda qoldi. Rossiya ortiq imperiya emasligini anglab yetishi kerak. “Ta’sir doirasi” haqidagi gaplar o’tmishda qoldi”, - deydi Niksi.

Sovet Ittifoqidan keyingi dunyo... Rossiya bugun qanday o'ringa ega?

AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Tomas Pikeringning aytishicha, 1991-yildan keyin dunyo Rossiya kutganidek, ammo AQSh xohlamaganidek rivojlana bordi.

“Ko’p qutbli siyosat haqidagi gaplarni Rossiya boshlagan. Amerikada esa bunga munosabat salbiy edi. Lekin nima bo’lganda ham Rossiya, Xitoy, Hindiston, Yevropa, Yaponiya, Braziliya bilan til topishishga harakat qilish kerak”, - deydi diplomat.

Rossiya xalqaro masalalarda faol bo’lishga harakat qilmoqda. Yaqinda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’ldi. Rossiyaning tashkilotdagi delegati Anatoliy Chubaysning aytishicha, bu xalqaro sahnada yanada faolroq bo’lishga yaxshi imkoniyatdir.

“Tarixidagi deyarli bir asrlik murakkab davrdan so’ng – Bolshevik inqilobi, 1991-yilning demokratik inqilobidan so’ng Rossiya madaniy, zamonaviy dunyoga qaytmoqda”, - deydi Chubays.

So’nggi yillarda G’arb Rossiya bilan qator masalalarda hamkorlik qildi, jumladan Shimoliy Koreya bo’yicha.

Sovet Ittifoqidan keyingi dunyo... Rossiya bugun qanday o'ringa ega?

“Odatda Rossiya xalqaro munosabatlarda o’z roliga ega bo’lishni istaydi. Global rolga. Jahon sahnasining to’rida o’tirib olib, o’z siyosatini yuritishga harakat qiladi. Ko’p hollarda G’arbga qarama-qarshi siyosat yuritishga”, - deydi tahlilchi Jeyms Niksi.

Sovet Ittifoqi qulaganidan beri dunyo jiddiy o’zgarishlarga yuz tutdi. Xitoy yirik global o’yinchiga aylandi.

Yevropa Ittifoqi kengayib, sobiq Sovet blokiga kirib bordi, sobiq Sovet davlatlarining ba’zilarini ham o’z ichiga olishi mumkin.

So’nggi 20 yilda jangari guruhlar ham jiddiy kuchga aylandi.

Tahlilchilar nazarida Rossiyaning hozirgi rahbarlari ikki yo’lning biridan borishi –birinchisi, Sovet Ittifoqining o’tmishdagi shuhratini qaytarishga harakat qilishi, ikkinchisi esa ko’p qutblik dunyoda konstruktiv hamkor bo’lishi mumkin.