Din

"Itoat" - fantastik roman, shariatga asoslangan Fransiya tasvirlanadi

  • Amerika Ovozi

"Itoat" kitobi Parijdagi kitob do'konida

Fransiyada “Itoat” deb nomlangan kitob sotila boshladi. Mishel Uelbek qalamiga mansub, fantastika janrida bitilgan romanda shariatga asoslangan Fransiya tasvirlanadi. Kitobning Parijdagi terror xurujlaridan keyin chiqishi tasodif, ammo hozir keng muhokamada.

Parijlik kitobshunos Jaklin Buades Mishel Uelbek ijodi bilan yaxshi tanish. Uelbek islom haqida yozadi. Buades Jazoirda yahudiy onadan tug’ilgan, mavzu bilan yaqindan tanish.

“Muallifning yondashuvini yoqtiraman, uning yozganlari o’quvchini chuqur fikrlashga da’vat etadi, men esa muhokamani yaxshi ko’raman”, - deydi Buades.​

Ulbekning so’nggi kitobi do’kon rastalaridan joy oldi. U “Itoat” deb nomlanadi. Hali sotuvga chiqarilmasidan oldin jamiyatda katta qiziqish uyg’otdi. Fantastik janrdagi bu kitobda 2022-yilda Fransiyadagi prezident saylovlarida islomiy partiyadan chiqqan nomzodning g’alabasidan keyingi voqealar tasvirlanadi.​

Ulbekning ijodi oldin ham shov-shuvga sabab bo’lgan. Uni irqiy zo’ravonlikka da’vatda ayblashib sudga berishgan, ammo oqlangan. U bir vaqtlar islom dinini eng ahmoqona e’tiqod degan. So’nggi paytda munosabati yumshab, Qur’on haqida qarashlari o’zgargan.​

“Itoat” kitobi Parijda “Sharli Ebdo” satirik jurnali tahririyatiga hujum bilan bir kunda sotuvga chiqdi. Kitobini reklama qilish uchun matbuotga intervyular berib yurgan Uelbek qisqa muddatga ko’rinmay qoldi.​

Xurujlardan bir kun oldin mahalliy televideniyega intervyu berayotib Uelbek Fransiyada mo’tadil islomiy partiyaning hokimiyat tepasiga kelish ehtimoli mavjudligini tan oldi.

Muallifning aytishicha, kitobning birinchi qismi o’quvchini vahimaga solishi mumkin. Biroq prezidentlikka saylangan musulmon mohir siyosatchi, intiluvchan shaxs sifatida tasvirlanadi.​

Parijdagi terror xurujlaridan so’ng fransuzlarning radikal islom haqidagi qo’rquv va xavotirlari haqiqatga aylandi. Shu bilan birga xurujlar xalqni birlashtirdi.

Shunday vaziyatda Uelbekning kitobi o’quvchiga qanday ta’sir qilishi mumkin degan savol tug’iladi: radikal musulmonlarga qarshi bosh ko’tarib, jamiyatda millatchilik, qo’rquv kuchayadimi yoki Fransiya ko’pmillatlilik, ko’pe’tiqodlilikka quchoq ochadimi?

Xurujlardan so’ng Parijda bir necha million odam ko’chaga chiqib, so’z erkinligiga xayrixohligini bildirdi, ekstremizmga qarshi namoyish qildi.

Namoyishda qo’lida yahudiy gazetasini ushlab 17 yashar Amina Tajuriy ham qatnashdi.

“Men musulmonman va xurujlarga qarshiman. Yahudiylar va musulmonlar bir-biriga dushman bo’lishni istamaydi. So’z erkinligi uchun odamlarning o’ldirilishini xohlamaymiz. Har kim erkin fikr bildirishga haqli bo’lishi kerak", - dedi u.

Mamlakat rahbarlari birdamlik haqida ko’p gapirmoqda.

“Fransiya Ulbek g’oyalariga qo’shilmaydi. Nafrat va adovat, qo’rquvni qoralaymiz”, - deydi Bosh vazir Manuel Valls.​

Tanqidchilarning aytishicha, Uelbekning kitoblari, “Sharli Ebdo” jurnalining karikaturalari so’z erkinligi chegarasidan chiqib ketgan. Haftanomaning so’nggi soni uch million nusxada chiqib, tez sotildi.​

Defne Gursoy birorta nusxani qo’lga kiritish maqsadida Parij kiosklarini aylanib chiqdi. U kitob o’qishni yaxshi ko’radi.

“Uelbekning kitoblarini sevmayman, lekin so’z erkinligini himoya qilish kerak”, deydi u.

"Sharli Ebdo” karikaturalarini fantastika deb bilaman, Uelbek ham fantast yozuvchi. Fantastikada chegara yo’q. Bu janrning go’zalligi ham shunda, istalgan narsa haqida yozish, tasvirlash mumkin", - deydi Gursoy.​

Fransiyadagi musulmonlar xurujlardan so’ng kamsitilishidan xavotirga tushdi. Musulmonlarni diskriminatsiyadan himoya qiluvchi tashkilot rahbari Abdulla Zekrining aytishicha, so’nggi bir necha kunda o’ndan ortiq masjidlar hujumga uchradi.

Prezident Fransua Olland islom va boshqa dinlarni himoya qilishga so’z berdi, biroq Zekrining aytishicha, Ulbekning romani ham, “Sharli Ebdo” karikaturalari ham musulmonlarga qarshi qaratilgan provokatsiyadir.

“Fransuz musulmonlari ular haqidagi salbiy tasavvurlardan charchagan. Har narsada ularni ayblayverishadi”, - deydi u.

“Uelbekning kitobidagi senariy ro’yobga chiqishi mumkinmi, Fransiyada musulmonlar hokimiyat tepasiga kelishi mumkinmi” degan savolga faol “nega bo’lmasin” deya javob berdi.

“Axir Amerikada qora tanli odam prezidentlikka saylandiyu, musulmon Fransiyada prezident bo’lsa, nimasi yomon”, - deydi Zekri.​

Jamiyatda musulmonlarga munosabat hali ham salbiy. Franklin Bulo Parijdagi namoyishga so’z erkinligini himoya qilish uchun emas, islom diniga qarshi munosabat bildirish uchun chiqdi.

“Islom dini fransuz jamiyatini barbod qilmoqchi. Bizni o’ldirmoqchi ular”, - deydi u.