Suriyada qo’zg’olon boshlanganiga bir yil bo’ldi. Bugun mamlakat bo’ylab yana 23 kishi halok bo’lgan. Davlat televideniyesi prezident Bashar al-Assadni olqishlayotgan ommaviy chiqishlarni yoritmoqda.
Idlib shahri bugun armiya va isyonchilar o’rtasida shiddatli janglar maydoni. Britaniya asoslangan Suriya inson huquqlari tashkilotiga ko’ra, 23 kishining jasadi aynan shu shaharda topilgan, ayrimlari qiynoqdan o’lgani ayon, deydi guvohlar.
Xalqaro hamjamiyat shu kungacha 8 mingdan ziyod odamning boshini yegan mojaroni qanday to’xtatish ustida bosh qotirar ekan, Suriya qurolli kuchlari Idlib shahrining katta qismini egallab bo’ldi va “qo’zg’olon o’chog’i” - janubdagi Daraa shahrida yirik operatsiya boshlagan.
Asosan sobiq harbiylardan iborat isyonchilar chekinishga majbur, chet eldagi muxolif guruhlar ham bir yoqadan bosh chiqara olmayotgani ko’zga tashlanadi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppe Suriya oppozitsiyasini qurollantirish taklifiga qarshi, chunki deydi u, vaziyat tamoman izdan chiqib, kattaroq fojiaga aylanishi hech gap emas.
BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili, yaqinda Damashqqa safar qilib prezident Assad bilan muloqot qilgan Kofi Annan, BMT Xavfsizlik Kengashiga hisobot berishi kutilmoqda.
Diplomatlar fikricha, safar xulosalari AQSh va Yevropa ovozga qo’yishni rejalayotgan navbatdagi rezolyutsiya uchun muhim. Hujjat loyihasi Suriya shaharlariga favqulodda gumanitar yordam yetkazishni ko’zlaydi. Bashar al-Assad ma’muriyatini qoralovchi rezolyutsiyalar Rossiya va Xitoy qarshiligi sabab ovozdan o’tmagan.