Shveysariyaning Lozanna shahrida AQSh, Rossiya va Yaqin Sharq mamlakatlari diplomatlari Suriyaning muvaffaqiyatsiz yakunlangan sulh bitimini yana bir bor jonlantirishga urinib ko'radi. 16-oktabr kuni Londonda ham shu haqda navbatdagi uchrashuv o'tkaziladi.
Muloqot xabari AQSh va Rossiya muzokaralarni to'xtatganini e'lon qilishidan ikki hafta o'tib chiqdi. Rossiya rasmiylari ijobiy natijadan hanuz umidvor ekanini aytadi.
Ammo Halabda to'qnashuvlar davom etar ekan, kuzatuvchilar davomiy sulh tuzilishiga ishonmayapti.
"Halabni egallash uchun bo'layotgan so'nggi urinishda Rossiya holdan toygan Bashar Assad kuchlariga yordam berish uchun havo hujumlarini kuchaytirmoqda, - dedi "Haftalik jurnal" bosh muharriri o'rinbosari Aleksandr Golts. - Rossiyaning maqsadi IShID yoki "Jabhat al-Nusra" terrorchilari bilan kurashish emas, balki Assadni qo'llab-quvvatlash, Assadni saqlab qolish ekani kundek ravshan. G'arb va Rossiya o'rtasidagi asosiy ixtilof mana shunda".
Ko'pchilik nazarida Rossiya muzokaralarga kirishdan oldin Assad kuchlari Halabni qo'lga kiritishini xohlaydi. Chunki bu muloqotda unga ko'proq ta'sir o'tkazish imkoniyatini beradi.
Halabda sulh o'rnatish zarur, ammo hozir asosiy masala ixtilofning yanada kengayishiga yo'l qo'ymaslik, deydi tahlilchilar.
Rossiya ayni paytda xalqaro koalitsiya kuchlarini o'zining yoki Suriyaning askarlari joylashgan hududlarga yaqinlashmaslik haqida ogohlantirmoqda. Bu yerga yaqinlashgan har qanday samolyotni urib tushiramiz, deydi Rossiya rasmiylari.
"Uch hafta oldin Rossiya va AQSh o'rtasida harbiy hamkorlik haqida gaplashayotgan edik. Hozir bunday imkoniyatlar yo'qqa chiqdi. Hozir asosiy maqsad AQSh va Rossiya o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri harbiy ixtilof yuz berishiga yo'l qo'ymaslik", - deydi Golts.
Oq uy so'zlovchisi Suriyada AQSh harbiylarining Rossiya bilan hamkorlik qilishi mumkinligi haqidagi gaplarni inkor qildi. Hozir Suriyadagi maqsadlarimiz Rossiyaniki bilan bir xil emasligi ma'lum bo'ldi, deydi AQSh rasmiylari.
Rossiya Suriyadagi harbiylari sonini oshirib bormoqda va u yerda doimiy bazaga ega bo'lish niyati borligini ma'lum qildi.
Halabda muvaqqat tinchlik sulhi e'lon qilinishi ortidan BMTning gumanitar yordam kolonnasi hujumga uchragach, AQSh-Rossiya munosabatlari keskinlashdi. Vashington hujum uchun Rossiyani aybladi.
AQSh va Fransiya tinch aholiga qilingan hujumlar uchun Rossiyani urush jinoyatlari bo'yicha sudga tortish kerak, degan tashabbus bilan chiqdi. Putin bu da'volarni asossiz deb atab, aslida Suriyadagi urush uchun G'arb javobgar ekanini aytdi.
17-oktabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig'ilib, Suriya masalasini muhokama qiladi. Ular tinch aholiga nisbatan haddan ziyod kuch ishlatayotgan Suriya hukumatini keskin tanqid qiluvchi bayonot qabul qilishi kutilyapti. Shuningdek, uchrashuvda Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalarni qo'llash masalasi ham ko'rib chiqiladi.