AQSh hukumati va Kongressi nazarida Suriyada erkinlik va demokratiya talab qilayotgan xalq va xalqaro jamiyat bosimi ostida prezident Bashar al-Assad yaqin orada hokimiyatdan ketishi mumkin.
Rasmiy Damashq Arab Ligasi bilan kelishib, zulmga barham berishga kelishib olganiga qaramay so’nggi kunlarda yuzlab fuqaro halok bo’lgan.
Suriyadagi muxolif kuchlar, ayniqsa, Hims viloyatidagi qonli voqealarga norozilik bildirib, mamlakat bo’ylab ish tashlashga chaqirmoqda.
AQSh Senati Tashqi aloqalar qo’mitasida kecha Suriyadagi ahvol muhokama qilindi.
"So’nggi harakatlar bilan Assad ma’muriyati demokratik islohotlarni amalga oshirmasligini yaqqol ko’rsatyapti. Bashar al-Assad hokimiyatdan ketmas ekan, islohatlar haqida gap bo’lishi mumkin emas", - deydi Demokratik partiya vakili senator Robert Keysi.
Obama ma’muriyati ham AQSh va xalqaro jamoatchilikning Suriyaga nisbatan qo’llagan sanksiyalari ish beradi degan fikrda.
"Suriya bir muddatdan buyon neft eksport qila olmayapti, daromad deyarli yo’q. Xalqaro moliya bozoridan uzilgan. Naqd pul kamayib borayapti. Bular Damashq rejimi doimiy emasligidan dalolat", - deydi AQSh Davlat kotibi muovini Jeffri Feltman.
Feltman Bashar al-Assadni tinch yo’l bilan hokimiyatdan tushirishga harakat qilayotgan Arab Ligasini yanada qattiqroq siyosat olib borishga chaqirgan.
Respublikachi va demokrat senatorlar Qo’shma Shtatlar Suriyada demokratik, erkin jamiyat bo’lishini birday istaydi.
"Assad rejimini iloji boricha tez to’ntarish har bir jamiyat va amerikalikning manfaatiga to’g’ri deb o’ylayman", - deydi respublikachi senator Jeyms Rich.
BMT hisobicha, Suriyada sakkiz oy oldin prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olonlar boshlanganidan buyon kamida 3500 fuqaro halok bo’lgan.
Arab Ligasi Bashar al-Assadni namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatmaslikka undamoqda, lekin bu harakatlar hozircha samara bermagan. Liga shu shanba kuni favqulodda majlis o’tkazib, masalani yana bir bor muhokama qiladi.
Suriya muxolifatini o’z ichiga olgan milliy kengash Arab Ligasi tashabbuslari samara berishiga shubha bilan qaraydi.
"Liga masalaga shanba kungacha yechim topmasa, muammoni BMT Xavfsizlik Kengasida ko’rib chiqish kerak", deydi muxolifatdagi Hassan al-Solihiy.
Suriya Milliy Kengashining yana bir a’zosi Adib Shishakliy “Amerika Ovozi” bilan bo’lgan suhbatida Arab Ligasi ikkilanayotganini aytadi.
"Arab Ligasining tashvishlarini tushunish mumkin. Hozir Suriya masalasiga bevosita aralashsa, ertaga Iroq, indin esa Isroil-Falastin masalasiga aralashishi kerak bo’ladi. Liga hozir nihoyatda qiyin ahvolda. Suriya masalasida vaqtni boy beryapti", - deydi Shishakliy.
Suriyada vaziyat qanchalik yomonlashmasin, Arab Ligasi Liviyada bo’lgani singari harbiy amaliyotga qarshi.
Yaqin Sharq xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Anthoni Kordesman nazarida, Suriya mintaqada hali ham jiddiy kuch.
"Suriya harbiy kuch ekanini tan olish kerak. Isroil bilan doim jang qilib kelgan. Uzoq masofali raketalari, kimyoviy qurollari, minglab tanklari bor. Ayniqsa, harbiy havo tizimi mustahkam. Mojaro bo’lsa, jiddiy zarba berishi mumkin", - deydi mutaxassis.
Lekin, deydi Suriya muxolifati vakili Adib Shishakliy, Bashar al-Assad rejimi oldingidek kuchli emas. O’z fuqarolariga bosim o’tkazishi mumkin albatta, ammo Suriya xalqi endi erkinlikka yaqin.