Suriya rahbari: Dushmanlarni yengamiz

  • Amerika Ovozi

Suriya Prezidenti Bashar Assad parlamentda nutq so'zlamoqda. Damashq, 7-iyun, 2016-yil.

Suriya Prezidenti Bashar Assad mamlakatning yangi saylangan parlamentiga murojaat etib, “Islomiy davlat” jangari to'dasi va unga qarshi kurash haqida nutq so’zladi. U terrorchilar va ularni dastaklayotgan davlatlar rahbarlarini mag'lub etishni va’da qilib, olqishlarga sazovor bo’ldi.

"Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning xalifalik tuzish orzusining ro’yobga chiqishiga Halab o’g’lonlari qarshi turadi", - dedi Assad.

Uning fikricha, Erdog'an xalifalik barpo etishni orzu qiladi.

Assad qator xorijiy davlatlarni Suriyada mazhablararo adovatni kuchaytirib, mamlakatni parchalashga urinayotganlikda aybladi va "bir jamoani boshqasiga qarshi gijgijlaydigan bunday reja hech qachon amalga oshmaydi" deb aytdi.

Parij universitetidan Hattar Abu Diabning aytishicha, Assad 2011-yildan buyon “zo’ravonlik va repressiyalar yordamida muammoni harbiy yo’l bilan hal etish” rejasidan voz kechmagan va mamlakat armiyasi hamda infratuzimasining vayron bo’lishida o'zi aybdor.

Suriya rahbariga ko'ra, ayrim xorijiy davlatlar milliy valyutani qadrsizlash orqali iqtisodga zarar yetkazmoqda, Suriyadagi davlatchilik institutlari va qurolli kuchlarni yemirishga urinmoqda.

Davlat rahbari Suriya yerining har bir parchasini ozod etishni va’da qildi va g’alabaga erishish yagona yo’l ekanini aytdi. Assad Rossiya, Xitoy, Eron va Livanning Hizbulloh guruhiga yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.

Suriya prezidenti BMT homiyligida Jenevada bo’lib o’tgan muzokaralarda muxolifat bilan emas, balki faqat BMT vositachisi Staffan de Mistura bilan gaplashishga rozi bo’lganini ta’kidladi.

U, shuningdek, Qo'shma Shtatlarni o’tgan mart oyida kuchga kirgan sulhni to’xtatganlikda va hamkorlarining kelishuv shartlarini bajara olishini kafolatlay olmaganlikda aybladi.