Suriyaning Hims shahri - urush maydoni. Hukumatga qarshi qo’zg’olon markazi bo’lgan bu hudud mana bir necha oydirki, tutun va alanga ichida.
Suriya hukumati xalqaro bosim ostida sulh e’lon qilishga ko’ngan va tinchlik rejasini qabul qilgan edi. Lekin prezident Bashar al-Assad muxolif kuchlarni zo’ravonlikda ayblab, ularga qarshi harakatni davom ettirmoqda. Ayb isyonchilarning o’zida, deydi Damashq rasmiylari.
BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga kichik harbiy guruh yuborib, vaziyatni o’rganmoqchi.
30 a'zodan iborat missiya qurolsiz zobitlardan iborat. Britaniyaning BMTdagi elchisi Mark Lyall deydiki, ular sulh shartlari qanday bajarilishini kuzatadi. Bu vakillar ishiga, deydi diplomat, Suriyada hech kim aralashmasligi va ularning erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratib berilishi kerak. Missiya darhol ishga kirishadi.
Sulh sharti shuki, hukumat va muxolif kuchlar janglarni darhol to’xtatishi va BMT-Arab Ligasi vositachiligida muzokara boshlanishi lozim.
Namoyishlar tinmagan. Mamlakat bo’ylab kecha ham yuzlab odamlar ko’chaga chiqqan. Xavfsizlik kuchlari besh kishini otib o’ldirgan. Turkiya bilan chegaradosh hududlarda, minglab odamlar urushdan qochib jon saqlayotgan maskanlarda, otishmalar kuzatilgan.
“Bu yolg’onchi, vijdonsiz va qonxo’r hukumat”,- deydi Valid Abdin ismli suriyalik. “Bashar al-Assad tank va samolyotlarni xalq qo’zg’algan joylardan hech qachon olib chiqmaydi”,- deydi u.
O’tgan yilning martidan beri 9000 dan oshiq odam halok bo’ldi.
Ko’plab suriyaliklar fikricha mamlakat fuqaro urushi tomon yo’nalmoqda. Hama va boshqa shaharlarda jamoatchilik birlashib, hukumatga qarshi qurol ko’tarishga tayyor ekanini aytgan. Aks holda, deydi bu faollar, Bashar al-Assad hammani o’ldiradi.