Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi Suriya hukumatidan oziq-ovqat va dori-darmonsiz qolayotgan Hims shahri aholisiga yordam berish uchun shaharga kiritishni so'ramoqda. Hukumat kuchlari va shahardagi isyonchilar bir necha haftadan beri o'q almashadi. Xususan, Baba Amir tumanida vaziyat og'ir, suv va elektr quvvati tanqislashib bormoqda.
Qo'mita vakili Shon Makgvayrning aytishicha, oziq-ovqat va tibbiy yordam ortilgan yettita yuk mashinasi Himsga kirgan, ammo tumanga yo'latilmagan.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun gumanitar yuklarni Suriyaning barcha shaharlariga hech bir shartsiz kiritishni talab qilmoqda.
Ayrim xabarlarga ko'ra, Himsda qiynoqqa solishlar va ommaviy qatl kuzatilgan. Isyonchilar tomoniga o'tmoqchi bo'lgan 40 dan ziyod zobit o'ldirilgan. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, Suriya hukumati zo'ravonliklariga chek qo'yish zarur.
Xitoy ham tomonlarni qurolli to'qnashuvni to'xtatishga, hukumat va muxolifatni muloqot boshlashga chaqirmoqda.
Ammo Suriya Tashqi ishlar vazirligi vakilining aytishicha, gumanitar yordam bahonasi bilan mamlakat ichki ishlariga chetdan aralashuv bo'lmasligi lozim.