Suriyada tobora avj olayotgan namoyishlar bois istiqbol mavhum ekan, mahalliy kurdlar kimni yoqlash borasida ehtiyotkor. Kurd yetakchilari va ayrim tahlilchilar fikricha, bu elat qarori inqilobning taqdirini hal qilishi mumkin.
Chegaradosh Turkiyaga, chodir shaharchaga qochqinlar oqib kelishda davom etmoqda. Shulardan biri, suriyalik kurd Jivon lagerda to’rt yashar farzandi bilan kun o’tkazyapti. Asosan, arablardan iborat qochoqlar orasida yashash oson emas, deydi u.
“Suriyada hamma vaqt o’z millatim bilan edim. Bu yerda esa arablar bilan. Oson emas, lekin sekin-asta ko’nikib borayapman”, - deydi Jivan.
Bu ko’rinish Suriyada arab va kurd xalqlari o’rtasidagi azaliy ixtilofni ifodalaydi. Mamlakatda yashovchi ikki million kurd yillar davomida ta’qiblar va adolatsiz siyosat bilan yuzlashib keladi. Madaniyati, tili va o’zligi hukumat tomonidan tahqirlanadi.
1962-yilda Suriya hukumati 100 mingdan ortiq kurdni fuqarolikdan mahrum qilgan. Rasmiy Damashq nazarida ularning aybi - chegarani noqonuniy kesib kirgani. Bugun Suriyada fuqaroligi yo’q kurdlar soni 300 mingga yaqinlashgan.
O’tgan yili namoyishlar endi boshlangan pallada prezident Bashar al-Assad, bu elatni tinchlantirish maqsadida 200 ming kishiga fuqarolik bergan edi. Lekin chora Assad ko’zlagandek natija bermadi. O’tmishdagi jabr-zulmni eslaridan chiqarmagan kurdlar orasida hozir prezident ketsin, deguvchilar soni oshib bormoqda.
Suriyaning Kurd Demokratik partiyasi Bosh kotibi Abdulhakim Basharning aytishicha, hozirgi hukumat o’z mavqeini, qonuniyligini yo’qotgan. U Assaddan keyingi davr uchun rejalar tuzmoqda. Boshqaruv kimga o’tishidan qat’iy nazar kurd aholiga oson bo’lmaydi.
“Suriya faqat arablarniki emas, buni hamma tushunishi kerak. Millatchilik, manfaatga berilib, foydaning ketidan quvib inqilobni qurbon qilmaylik”, - deydi Bashar.
Kurd partiyalari birlashgan bloki – Kurd Milliy Kengashi milliy ozchilik guruhlar konstitutsiya tomonidan tan olinsin, har qanday zulm va jabr uchun kompensatsiya-tovon puli to’lansin hamda demokratik jarayonda kurdlar ishtiroki ta’minlansin deya shart qo’ymoqda. Shuningdek, rasmiy nomga tuzatish kiritib, Suriya Arab Respublikasi emas, Suriya Respublikasi deb yuritishni taklif qilmoqda.
Mazkur talablar Assadga qarshi qo’zg’olonga bosh, xalqaro hamjamiyat tan olgan asosiy kuch Suriya Milliy Kengashi qarashlariga mos emas.
Londonda asoslangan Genri Jekson jamiyati tahlilchisi Maykl Veys fikricha, Suriyada kurdlar hal qiluvchi kuchga aylanish salohiyatiga ega.
“Ularning ishtirokisiz inqilob muvaffaqiyatini tasavvur qilish qiyin”, - deydi ekspert.
Lekin London Iqtisodiyot maktabining Yaqin Sharq markazi rahbari Robert Lov nazarida Suriya muxolifati kurdlar yordamisiz ham g’alaba qozonishi mumkin.
“Ayrim kurdlar endi nima bo’lar ekan deb chetdan kuzatib turibdi. Agar Bashar al-Assad hukumati qulashi aniq bo’lsa, ular namoyishga to’liq qo’shiladi. Lekin bu elat qatnashishi juda muhim, degan fikrga qo’shilmayman”, - deydi Lov.
Turkiyadagi qochoqlar lageridan boshpana topgan Jivon uchun hozir bu detallarning qizig’i yo’q. U Assad rejimi tezroq qulashini, ozod Suriyadagi uyiga, kurdlar erkin yashashi mumkin bo’lgan jamiyatga eson-omon qaytishni istaydi.