Suriyada payshanba sulh kuchga kirganidan beri har yer-har yerda mayda to’qnashuvlar kechayotgani ma’lum. Bugun Hama va yana bir necha shaharda xavfsizlik kuchlari uch namoyishchini otib o’ldirgan. Isyonkor shaharlarda muxolifat ommaviy chiqishlar o’tkazmoqda. Hama markaziy maydoni tomon yo’l olgan odamlarni armiya o’qqa tutdi, deydi faollar.
Turkiya bilan chegarada Suriya harbiylari va isyonchilar to’qnashib, guvohlar qattiq otishmalar haqida so’zlamoqda.
Britaniyada asoslangan Suriyada Inson huquqlarini kuzatish guruhi hukumat Turkiya bilan chegaradosh shimoli-g’arbiy qishloqqa tanklar joylagan, deydi. Mahalliy aholi ham hududda og’ir artilleriya harakat qilayotganini tasdiqlagan.
Biroq Hamadan muxolifatchi Samir al-Husaynning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bugungi janjalni askarlar boshlagan.
"Juma namozidan keyin tinch namoyishlar paytida odamlar hukumatga qarshi gaplar ayta boshlagani zahoti armiya o't ochdi", - deydi u.
BMT Xavfsizlik Kengashida bugun Suriyada kuzatuvchilar va tinchlikparvar qo’shinlar safarbar etish masalasi ovozga qo’yiladi.
Kofi Annan so’zlariga ko’ra, Suriya hukumati xalqaro kuzatuvchilarni mamlakatga kiritishga rozilik bergan. Annan fikricha, Assad ma’muriyati tinchlik rejasiga to’liq amal qilmayapti, lekin sulh harna kuchini saqlab qolayotgani muhim qadam.
BMT hisob-kitobiga qaraganda, mamlakatda bir yildan beri tinmayotgan qo’zg’olon va armiya siquvi natijasida 9 mingdan oshiq odam o’lgan.