Ko'plab davlatlar AQShning Suriyadagi hujumini yoqladi

  • Amerika Ovozi

Suriyaga AQSh raketalari O'rta dengizdagi kemalardan otildi.

AQShga ittifoqchi ko'plab davlatlar Amerika harbiylarining Suriyadagi amaliyotini yoqlashi haqida ma'lum qildi. Rossiya esa Suriya havo bazasining o'qqa tutilishini "suveren davlatga qarshi bosqin" deb atadi.

Dastlab, Suriyadagi urushga chuqur tortilmaslik siyosati tarafdori ekanini aytgan AQSh Prezidenti Donald Tramp Suriyada hukumat armiyasi tomonidan tinch aholiga qarshi zaharli gaz qo'llangani haqidagi xabarlar ortidan toqati to'q bo'lganini aytib, raketa hujumlariga buyruq bergan.

Assad hukumati amalga oshirgani aytilayotgan kimyoviy qurol hujumi natijasida 100 nafar atrofida tinch aholi vakili halok bo'lgan. Ular orasida ayollar va bolalar bor.

AQShning raketa hujumlarida kamida to'rt nafar Suriya askari halok bo'lgan. Suriya rasmiylari esa olti kishi o'lgani va yana ko'plab odam yaralanganini aytmoqda.

Rossiya Prezidenti so'zlovchisi Dmitriy Peskov

Rossiya prezidenti so'zlovchisi Dmitriy Peskovga ko'ra, Vladimir Putin Suriyada kimyoviy qurollar borligiga ishonmaydi.

Kreml AQSh hujumlari yuzasidan bayonot chiqarib, bu so'nggi voqea allaqachon quyi darajada bo'lgan AQSh-Rossiya aloqalarini yanada yomonlashtirganini aytdi.

Rossiya o'z navbatida zudlik bilan BMT Xavfsizlik kengashi yig'inini o'tkazishga chaqirib, AQSh bilan mavjud Suriya havo sarhadlari xavfsizligi bo'yicha kelishuv bekor qilinganini e'lon qildi.

Eron ham AQSh hujumlarini qoraladi. "Bir tomonlama bunday harakat xavfli, buzg'unchi va xalqaro huquq tamoyillarini buzadi", deyiladi Eron bayonotida.

Turkiya Bosh vaziri o'rinbosari No'mon Qurtulmush televideniye orqali murojaatida AQShning Suriya havo bazasiga hujumini ijobiy deya baholab, "Damashq rejimining vahshiyliklari zudlik bilan to'xtatilishi kerak", dedi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Assadni tezlik bilan hokimiyatdan olishga chaqirdi.

"Bu rejimni imkon qadar tezroq Suriya yetakchiligidan tushirish kerak. Agar ketishni xohlamasa, o'rniga muvaqqat hukumat kelmasa va u insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etishda davom etsa, uni hokimiyatdan ag'darish uchun kerakli choralar ko'rilishi kerak", - dedi Mevlud Chovusho'g'li.

Britaniya hukumati ham AQShni to'la qo'llab-quvvatlashini e'lon qildi.

"Birlashgan Qirollik hukumati AQSh ishini to'la quvvatlaydi. U Suriya rejimi qo'llagan vahshiy kimyoviy qurolga munosib javob bo'ldi va yangi hujumlarning oldini olishga qaratilgan", - dedi hukumat so'zlovchisi.

Fransiya va Germaniya rahbarlari ham Vashington ko'rgan chorani ma'qullab bayonot chiqardi.

Saudiya Arabistoni Tramp qarorini "jasoratli" deya olqishladi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ham hujumni yoqlab, bu ish nafaqat Damashqda, balki, Tehron, Pxenyan va boshqa hududlarda ham aks-sado beradi deya boshqa g'anim kuchlarga ishora qildi.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe AQSh qarorini vaziyatning yanada yomonlashishini to'xtatish uchun ko'rilgan oqilona chora sifatida yoqlashini aytdi.

Suriyaga hujum Xitoy rahbari AQShga safar qilayotgan paytda ro'y berdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi barcha tomonlarni siyosiy murosa yo'lini tutishga undadi. Hujum amalga oshgan paytda Xitoy Prezidenti Si Zinpin AQSh safarida bo'lgan. Bugun u AQSh rahbari Donald Tramp bilan uchrashadi.

Avstraliya va Polsha hukumatlari ham Suriyaga qilingan havo hujumlarini qo'llab-quvvatlashlarini ma'lum qildi.