Assad bilan olishayotgan kuchlarga yaqindan nazar

  • Amerika Ovozi

Safdoshidan ayrilgan isyonchilardan biri

Suriyada prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar orasida turli toifa vakillarini uchratasiz. Talabalar, qo’liga shu paytgacha qurol olmagan fuqarolar, o’qituvchilar, tibbiy xodimlar, faollar, isyonchilarga qo’shilgan davlat xizmatchilari va harbiylar. Har xil soha egalari, ammo bugungi maqsad bir – Assad hokimiyatidan qutulish.

Your browser doesn’t support HTML5

Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar kim?/Navbahor Imamova



Kapitan Maan Mansur Suriya havo kuchlarida xizmat ko’rsatgan uchuvchi. Uch oy oldin isyonchilarga qo’shildi. Hozir Ozod Suriya Armiyasi a’zosi.

“Assad rejimi xotin-qizlarni, bolalarni, begunoh odamlarni qirayotganini ko’rib chidab turolmadim. Bu norasidalar erkinlik so’rayapti, xolos. Qanday hukumat o’z fuqarolarini o’ldiradi?” – deya so’raydi Maan Mansur.

20 yoshli Muhammad Badr Abbos sotuvchi edi. Bir yildan beri jangari. Avval hukumatga qarshi namoyishlarga chiqdi. Assad qo’llagan harbiy choralarni ko’rib, qo’liga qurol oldi, o’zini himoya qilish uchun.

“Biz prinsip uchun kurashayapmiz, pul uchun emas. Erkinlik va inson qadri uchun kurashayapmiz. Xudo hammasiga guvoh. Niyatimiz xolis”,- deydi bu yigit.

Isyonchilarning ko’pi biror harbiy malakaga ega emas. Masalan, Abu Mahmud. Novvoy edi, kichik biznesi bor edi. Bugun Halab shahrida jangarilar brigadasi qo’mondoni.

“Tayyorgarlik? Qanaqa tayyorgarlik? Bu yigitlarning hammasi jang nima ekanini shu yerda o’rganayapti”,- deydi u.

Lekin 31 yoshli Ahmad G’azaliy bu yil boshigacha Suriya armiyasida xizmat qilgan. Hozirda isyonchilar izni ostidagi Azaz shahri xavfsizligi uchun mas’ul.

“Eng dolzarb masala – xalqni zarur mahsulotlar bilan ta’minlash, uning talablarini qondirish. Aholi juda qiynalib ketdi. Iqtisod o’lgan. Men safdoshlarimga shuni uqtirayapmanki, biz xalqqa xizmat qilishimiz kerak.

Assad tuzumidan yaxshiroq hokimiyat uchun kurashayotganimizni isbotlashimiz kerak. Assad hech qachon xalqqa xizmat qilmagan. Aksincha, biz uning quli edik”, - deydi Ahmad G’azaliy.

Dunyo ahli, deydi bu isyonchilar, Suriyada nima bo’layotganini tushunishi kerak. Haqiqat shuki, xalq Assaddan to’ygan va u ketmaguncha, tinchlik bo’lmaydi.

“Tuzum o’zgarsagina odamlar yuzida tabassum ko’rasiz. Ungacha faqat azob-uqubatdamiz”, - deydi Muhammad Badr Abbos.

Tunu kun armiya zarbasiga javob qaytarishga urinayotgan bu kuchlar tashqi dunyodan yordam kutmoqda - qurol-aslaha va aloqa vositalari.

Ammo, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan jangarilar, xalqaro hamjamiyat birinchi navbatda aholiga madad ko’rsatishi kerak, oziq-ovqat va dori-darmon bobida. Minglab odamlar jon saqlash uchun uy-joyini tashlab, qochqinga aylangan.

Suriya hukumati nazarida esa bu muxolif kuchlar - xalq dushmanlari. Ular - jinoyatchilar, deya bong urmoqda davlat axborot vositalari. Qishloqlarni egallab, aholini qo’rquvga solib, butun jamiyatni beqarorlashtirayotgan jangarilar, deya tasvirlaydi rasmiy televideniye.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika va Suriya masalasi/US Syria Options