Suriyalik faollar ma'lumotiga ko'ra, Hims shahrida 45 ayol va bolaning jasadi topilgan. Dastlabki kuzatuvlarga ko'ra, ayrim ayollar zo'rlangan. Faollar hukumat kuchlarini qatliomda ayblamoqda. Rasmiy Damashq esa aybni qurollangan terrorchilarga to'nkamoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Nyu-Yorkda to'planib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilmoqda.
Bu o'rtada rasmiy Damashq Rossiya va Arab Ligasining qo'shma tinchlik rejasini qabul qilgan. Besh punktdan iborat tashabbus bizga ma'qul, deyiladi Suriya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Unga ko'ra, hukumat va muxolifat qonli to'qnashuvga chek qo'yishi, vaziyatni nazorat etish mexanizmi ishlab chiqilishi, zarar ko'rgan va muhtoj rayonlarga gumanitar yordam yetkazishga sharoit yaratish, Suriya ichki ishlariga aralashuvga yo'l qo'ymaslik va BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annanning vositachilik missiyasini qo'llab-quvvatlash lozim.
Suriya bo'yicha BMT maxsus vakili etib tayinlangan Annan Damashqda prezident Bashar al-Assad bilan uchrashgan.
"Davlat rahbari bilan uchrashuvdan so'ng zo'ravonliklarni bas qilishga umid paydo bo'ldi", - deydi Annan.
Hukumat tinchlikka tayyor ekanini aytib keladi, biroq muxolifat buning uchun Assad avval hokimiyatdan ketsin, deydi, biroq davlat rahbari bunga qarshi.
"Men ketsam, Suriya fuqarolik urushi domiga tortiladi", - deydi Assad.
Kecha janubdagi Daraa shahridagi to'qnashuvlarda kamida 25 fuqaro va 5 askar o'lgan.