Tojikistonda qamoqxonadan islomiy jangarilarning qochgani, 3 kun ichida Dushanbe va Xo'jandda portlashlarning yangrashi G'arb mutaxassislarini xavotirga solmoqda. Tojikistonda xavfsizlik tizimi izdan chiqdimi, degan savol muhokamada.
3-sentabr kuni Xo'jandda ichki ishlar vazirligiga qarashli xizmat binosi yonida suiqasd xuruji sodir etilib, ikki militsioner o'lgan edi. Poytaxtda esa tungi klub portlab, 7 kishi jarohat olgan. Ba'zilar bu voqealarni o'tgan oy Davlat xavfsizlik qo'mitasiga qarashli qamoqxonadan islomiy jangarilikka aloqador 25 mahbusning qochgani bilan bog'lamoqda.
Mahalliy rasmiylarning g'arb matbuotiga aytishicha, xavfsizlik idoralarida malakali kadrlar tanqis. Prezident Emomali Rahmon tajribali mutaxassislardan ko'ra o'ziga sodiq odamlarni afzal ko'radi, muxolifatni esa iskanjaga olib, dindorlarga bosimni kuchaytirgan, deydi ular.
Natijada, Tojikiston Islomiy uyg'onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy nazarida, jamiyatning bir qismi radikallashib, jangarilikka qo'shilishga majbur. Radikalizm, deydi Kabiriy, sababsiz paydo bo'lmaydi. Oddiy huquqlar poymol etilib, korrupsiyaning kuchayishi unga zamin bo'lib xizmat qiladi. Tushkunlikka tushgan odamlar provokatsion radikal shiorlarga tezroq uchadi, deydi u.
Mustaqil tahlilchi Parviz Mullajonovning aytishicha, islomiy jangarilar Tojikiston uchun jiddiy xavf emas, ammo hukumat iqtisodiy muammolarni bartaraf etmas ekan, radikalizm aholining kattaroq qismini qoplashi mumkin.
"Hozircha bu tahdid ko'lami bo'rttirilgan", - deydi u.
Mutaxassislar nazarida Dushanbeda kuchli nazorat etiluvchi qamoqxonadan mahbuslarning qochishi xavfsizlik xizmati va adliya tizimi islohotga muhtojligini namoyish etmoqda.
Dushanbedagi qamoqxonadan mahbuslarning qochishi, poytaxt va Xo'janddagi portlashlar xavfsizlik kuchlarini isloh qilish kerakligini namoyish qilgan.