Dushanbe va Bishkek orasidagi sovuq munosabatlarga qaramasdan Prezidenti Sadir Japarovning Tojikistonga safari paytida ikki davlat orasida bir qator kelishuvlar imzolandi. Ammo muloqotlarning asosiy mavzusi boʻlgan chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasida biror bir kelishuv imzolanmadi. Nima sababdan? Tahlilchilar bu haqida nima deydi?
Sadir Japarovning Tojikistonga kelishi jamoatchilikda chegara muammosi hal boʻladi, degan umid uygʻotgan edi. 28-29-aprel voqealari ortidan uning Tojikistonga kelishini yoqlamayotganlar ham koʻp edi.
Masalan, qirgʻiz siyosatshunosi Aydan Akmat oʻgʻli “Ozodlik” radiosiga Tojikistonga rasmiy safar toʻgʻri emasligini aytadi.
Buni ham ko'ring Tojik-qirgʻiz chegara qishloqlari: “Ilgari bizda janjal bo’lmagan”“Soʻnggi voqealar ortidan prezidentning Dushanbega borishi unchalik toʻgʻri pozitsiya emas. Albatta, chegara masalasi ikki tomon kelishuvi bilan hal qilinishi kerak, ammo bu uchinchi mamlakatda, neytral hududda amalga oshirilishi mumkin edi. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) doirasida, tashkilotning har qanday sammitlarida uchrashuv tashkil qilish mumkin edi. Mening fikrimcha, bu safar uzoqni koʻra olmaslik va oʻzboshimchalikning namoyishi boʻldi. Qon toʻkilgan davrdagi bunday safar hukumatdagi beqarorlikni anglatadi”, - deydi u.
Ammo tojikistonlik tahlilchi Ilhom Yusupov fikricha, qoʻshni Afgʻonistondagi notinch vaziyat Markaziy Osiyo davlatlarining bir-biridan uzoqlashishi emas, aksincha, jipslashishini talab etadi. Shuning uchun ham Qirgʻiziston prezidentining tashrifi ayni muddao boʻldi.
Prezidentlar Sadir Japarov va Emomali Rahmon 28-iyun kuni norasmiy muloqotda boʻldi. 29-iyun kuni ikki davlat rahbarlari Millat qasrida rasmiy muloqotga kirishdi. Muloqot oldidan jurnalistlar huzurida Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov 28-29-aprel kuni ikki davlat chegarasida boʻlgan qurolli toʻqnashuvni eslab, bunday holatlar takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik kerakligini taʼkidladi.
Yopiq eshiklar ortida oʻtkazilgan muloqot olti soatga choʻzildi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, muloqotda asosiy eʼtibor ikki davlat orasidagi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilishga qaratilgan. Muloqotning juda uzoq choʻzilib ketishiga chegara masalasini hal qilishda tomonlarning nuqtai nazari bir-biridan uzoqligi sabab boʻlgan.
Muloqot davomida tomonlar oʻz nuqtai nazarini asoslash maqsadida turli yillardagi karta va boshqa hujjatlarni koʻrsatgan. Muloqot vaqti koʻzda tutilganidan 3-4 soat oshib ketganiga qaramay tomonlar yakuniy xulosaga kela olmagan va chegara masalasida hech qanday hujjat imzolanmadi.
Hamkorlikni davom ettirish haqida 25 punktdan iborat qoʻshma bayonot qabul qilindi. Prezidentlar chegara masalasini hal qilish uchun ikki davlat qoʻshma komissiyasi ishi yana faollashishini aytishdi.
Prezident Emomali Rahmon “Tojikiston va Qirgʻiziston xalqaro platformalarda, avvalo BMT, KXShT, SHanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi doirasida faol aloqada va bundan keyin ham bu aloqalar davom etishini” taʼkidladi va chegara masalasiga eʼtibor qaratib, “ushbu masala hal etilishining uzoq muddat choʻzilishi bizni har ikki tomon uchun maqbul yechimni tezroq topish zarurligiga ishontiradi”, dedi.
Prezident Japarov Qirgʻiziston Tojikiston bilan munosabatlarni yuqori baholashini taʼkidladi.
Har qancha murakkab, qiyin boʻlmasin, bu ishni har qadar tezroq hal qilish ikki tomon uchun ham foydali.
“Biz har doim Qirgʻiziston-Tojikiston munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish, oʻzaro manfaatli koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, Tojikiston bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va teng sheriklikni mustahkamlash Qirgʻiziston tashqi siyosatining uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlariga javob berishini taʼkidlab kelmoqdamiz. Yuqorida aytib oʻtilganlar bugungi kunda ham dolzarb boʻlib qolmoqda. Bundan tashqari, bizning tomonlarimiz istalmagan toʻqnashuvni boshdan kechirdilar, bu ikkala tomonga ogʻriq va zarar yetkazdi. Ushbu vaziyatni ikki xalq manfaati yoʻlida hal qilish uchun bizda yetarlicha donolik bor deb oʻylayman”, – deya taʼkidladi Sadir Japarov.
Tomonlar chegaraoldi hududlarda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, mahalliy aholi oʻrtasida etnik adovat qoʻzgʻatishga qaratilgan har qanday buzgʻunchilik harakatlarini bostirish boʻyicha ishlarni faollashtirishga kelishib olgani taʼkidlandi.
Tojikiston prezidenti matbuot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, muzokaralar yakunida ikki davlat orasida quyidagi bir kelishuv va uch memorandum imzolandi:
– Qirgʻiziston Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi va Tojikiston hukumati huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta va pensiya agentligi oʻrtasida pensiya va ijtimoiy sugʻurta sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
– Qirgʻiziston Respublikasi Kadrlar xizmati va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati agentligi oʻrtasida davlat xizmati sohasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
– Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi va Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Yoshlar va sport qoʻmitasi oʻrtasida yoshlar siyosati sohasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
– “Kabar” Qirgʻiziston milliy axborot agentligi va Tojikistonning “Xovar” milliy axborot agentligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum.
Tojikistonlik tarixchi va siyosiy sharhlovchi Jamoliddin Abdukarimov fikricha, chegara masalasi diplomatik yoʻl bilan hal etilishi muhim.
Buni ham ko'ring O'zbekiston chegara nizolarini yer berish orqali hal qilyaptimi?“Prezidentlar uchrashuvida bu masala uzil-kesil hal boʻlmagan boʻlsa ham, muhimi orada dialogning mavjudligi. Bu muammo diplomatik yoʻl bilan hal etilishi lozim va buning uchun har ikki tomon masʼul. Ikki davlat orasidagi bahsli hududlar mavjud boʻlgan Sugʻd va Botkent viloyatlarida yashaydigan mahalliy tojik, qirgʻiz va oʻzbeklar orasida mojarolar qoʻzgʻalishiga sabab boʻladigan asosiy masala shu - yer, suv, yoʻl masalalari. Xalqlar orasida boshqa biror muammo tarixda boʻlmagan. Shuning uchun ham bu muammo davlatlar tomonidan aynan diplomatik yoʻl bilan hal etilsa, kelgusida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari davom etishi uchun barcha asos saqlanib qoladi”, - deydi u.
Tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidov fikricha, gap ikki davlat orasidagi chegaraning aholi yashaydigan mintaqalari haqida ketayotgani uchun ham jarayon murakkab kechmoqda. Masalani, deydi u, bosqichma-bosqich hal qilib borish yaxshi natija berishi mumkin.
“Albatta, bu muammoni hal etish davlat rahbarlarining bir uchrashuvida hal boʻlib qoladigan masala emas. Chegarani aniqlashda aholi yashamaydigan mintaqalarda ishlar ancha jadal davom etar edi. Ammo odamlar yashaydigan hududlarga kelganidan soʻng bahs va munozaralar koʻpaydi. Lekin har qancha murakkab, qiyin boʻlmasin, bu ishni har qadar tezroq hal qilish ikki tomon uchun ham foydali. Buning uchun birinchi navbatda ikki davlat qoʻshma komissiyasining uzoq yillik mehnatlari mahsuli boʻlgan narsa, chegaraning kelishilgan qismini uzil-kesil hal qilish, yaʼni hukumatlararo imzolash va undan keyin boshqa mintaqalar boʻyicha muzokaralarni davom ettirish kerak. Komissiya tomonidan kelishilgan mintaqalar tan olinmay, ish qayta-qayta boshidan boshlanaversa, muammoning yechimi qiyinlashib boraveradi”.