Tojikiston ziyolilari Afg'onistondagi saylovlar haqida ijobiy fikrda

Mozori Sharif

Fuqarolar saylovda faol qatnashdi. Uyushqoqlik ko'zga tashlanadi. Uzoq yillik urushlardan to'ygan omma tinchlik va birdamlik uchun ovoz bergan ko'rinadi, deydi kuzatuvchilar.
Afg’onistonda o’tgan prezidentlik saylovi mamlakatda ommaning siyosiy savodi oshganligi va hamjihatligidan dalolat beradi. Saylov yakunlari hali aniq emas, ammo ushbu jarayon Markaziy Osiyoda ham ehtiyotkorlik bilan kuzatilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Tojikiston ziyolilari: Afg'oniston xalqi taqdirini o'z qo'liga olmoqda


Tojikistonlik tarixchi olim fikricha, qo’shni davlat siyosiy hayotida ulkan burilish yuz berdi. Negaki, deydi u, uzoq yillardan beri afg’onlarning bu qadar siyosiy uyushqoqligini ko’rmagan edik.

Hayotida bir martagina saylovda ishtirok etgan talaba, Tojikiston siyosat, iqtisod, huquq va biznes universitetidan Shohin Abiyev hali yosh bo’lsada, qator ijtimoiy siyosiy tadbirlarning faol qatnashchisi. Afg’onistondagi saylov hayratlanarli darajada o’tdi, haqiqatdan ham xalq jonbozlik ko’rsatdi, deya kuzatadi u.

“Internetda ko’rdim afg’onlarning saylov uchastkalariga yopirilib kelganlarini. Bizda odamlar saylovga bu qadar to’planishib chiqmagan. Afg’onlarning siyosiy uyushqoqligini ko’rib, shunday xulosaga keldimki, go’yo shu qo’shnimiz tarafidan keladigan qandaydir katta xavf haqidagi gaplar safsataga o’xshaydi. Bunday uyushqoqlik xalqning o’z tinch va bunyodkor hayotiga ishonchini ko’rsatadi”.

Shohinning kurs rahbari, sharqshunos olim Firdavs Mo’minov aytadiki, yangi saylanadigan prezident birinchi galda mamlakatda qabiladoshlik va urug’chilik illatlarini yo’qotishi zarur.

“Men bir necha yil afg’on shaharlarida tarjimonlik qilganman. U yerlarda odamlar asosan o’z yetakchilariga quloq solishadi, markazlashgan hukumat 30 yil oldin ham yo’q edi, hozir ham yo’q. Millatlar va elatlar, qabilalar o’rtasidagi siyosiy birlik, o’zaro hamjihatlik bilangina mamlakatni rivojlantirish mumkin. Tojikiston energetik sohada, kadrlar masalasida Afg’onistonga katta yordam bermoqda, qo’shnimizga hali ko’p yordam kerak bo’ladi”,- deydi bu sharqshunos.

Saylovning ikkinchi bosqichi kutilmoqda. Yana bir ziyoli, o’zini Odiljon deb tanishtirgan tojikistonlik nazarida qo’shni mamlakat hayotiga G’arbning rolini kamaytirish kerak.

Uchrashishni istamasdan telefon orgaligina fikr bildirishga rozi bo’lgan, Tojikistonda faoliyati taqiqlangan Hizb-ut-Tahrir a’zosi Misr va Turkiyadagi voqealarga ishora qilarkan, Afg’onistonda Tolibonning hukumatga qaytishi haqidagi gaplarda jon bor deydi.

“Agar biror shart bilan toliblarga hukumatdan joy ajratilsa bu ma’qul. Dunyoni ko’rib turibsiz, alg’ov-dalg’ov… Arab davlatlarida ishni boshlab qo’yib boshqarolmayotgan bir holatda turishibdi. Agar arab dunyosi boshqaruvi qo’ldan chiqib ketib qolsa, bu degani islom ummati jilovi qo’ldan chiqib ketdi degani bo’ladi”.

Bu muxollifatchi fikricha, Afg’onistonning yangi prezidenti G’arbning ko’magiga ishonmasligi lozim va yurtidagi mahalliy qabilalar bilan kelishmasdan iloj yo’q.