Huquq tashkilotlari va muxolifat nazarida Tojikiston bugun chuqur inqirozda. Bir paytlar qo’shni davlatlardan nisbatan erkin fuqaro jamiyati va siyosiy muhiti bilan ajralib turgan respublika hozirda huquq kun sayin cheklanib borayotgan, repressiv tuzumga aylangan. Dunyoviy va demokratik tuzum tarafdori bo’lgan Islomiy uyg’onish partiyasi bu yil kuzda taqiqlandi va unga terror tashkiloti degan tamg’a qo’yildi. Sabab oddiy, deydi partiya lideri Muhiddin Kabiriy, Tojikistonda amaldagi siyosatni tanqid qilish jinoyat deb ko’riladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Sobiq ittifoq o’rnida bundan salkam chorak asr oldin vujudga kelgan 15 mustaqil respublikadan yettitasida bir-partiyali tuzum hukmron. Siyosiy plyularizm - mafkuraviy va g’oyaviy xilma-xillik, erkin jamiyat qurishdagi asosiy talablardan biri - chetga surilgan yoki rahbarlar nazarida buning ahamiyati yo’q. Tojikiston yaqingacha islomiy partiya rasman tan olingan va parlamentda o’z o’rniga ega yagona davlat edi. Bugun uning kamida 78 a’zosi qamoqda, rahbari Kabiriy esa quvg’inda.
Mamlakatda yuzlab siyosiy mahbuslar bor, deb hisoblaydi “Human Rights Watch” huquq tashkiloti. Uning mintaqa bo’yicha bosh mutaxassisi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) respublikada qilgan izlanishlari haqida gapirar ekan, bir narsaga urg’u beradi. Tojikistonda vaziyat yomon, lekin O’zbekiston yoki Turkmanistonchalik emas. Tojikistonda ozgina bo’lsa-da erkinlik bor. Shu bois ham xalqaro hamjamiyat e’tibor va yordamni oshirib, demokratiya tarafdorlari va adolatparvar kuchlarni quvvatlashi, hukumatni repressiya yo’lidan qaytarishi kerak.
E’tiqod erkinligi bo’yicha AQSh Xalqaro komissiyasida yetakchi ekspert Keti Kozman (Cathy Cosman) deydiki, askariyat aholisi musulmon bo’lgan mamlakatda davlat korxonalarida ishlaydiganlar masjidga bora olmasligi, diniy maskan va ularning rahbarlari, imomlar va peshvolarga ishonchning pasayib ketgani - fojia. Hukumat bu bilan nimaga erishmoqchi? - deya so’raydi u. Ekstremizmga qarshi kurashda fuqarolarga tahdid manbai deb qarash biror jamiyatni yaxshilikka yetaklagani yo’q.
Hukumatning bildirishicha, terrorizm xavfini bartaraf etish va mutaassiblikning oldini olish keskin choralar talab qiladi, barqarorlikni ko’ra olmayotgan yovuz kuchlarni ildizi bilan yo’q qilish kerak, jumladan islomiy partiyani. Partiya esa “bizga qarshi ayblovlar yolg’on” deya javob beradi.
Emomali Rahmon tojik millatining otasi deb e’lon qilinib, unga qator immunitetlar berilgan.
Davlat rahbari bu bilan o’zini hozirgi qilmishlari uchun kelajakda javobgarlikka tutilmasligini ta’minlamoqda, farzandlaridan bittasi uning o’rnini egallaydi, deya sharhlaydi Vashingtonda “Ozodlik uyi”da kechgan tadbirda “Skype” orqali ishtirok etgan muxolifatchilar.
Kabiriyning 95 yoshli otasi va 80 ga yaqinlashib qolgan onasi kuni kecha hibsga olingan. Hukumat buni ataylab shu tadbirdan oldin qilgan, deydi Kabiriy.
Rahmon ma’muriyati islomiy partiya a’zolarini, qayerda bo’lmasin, tinimsiz bosim ostiga olmoqda. Qurolli kuchlar orasida bu partiya tarafdorilari ko’p ekani uchun tizim qattiq choralar ko’rmoqda. Vaziyat tahlikali, deydi Kabiriy, lekin G’arb davlatlari, qolaversa boshqa biror bir mamlakat, pinagini buzmayapti.
Ahvol izdan chiqib fuqaro urushi boshlanib ketsa-chi? Islomiy partiya tinchlik va murosa tarafdori, deydi Kabiriy. Barqarorlik mushtarak manfaat ekan, nega muloqot qilinmayapti? Uning fikricha, Amerika yetakchilikni qo’lga olib, Rahmonni hozirgi yo’lidan qaytarishi lozim.
Prinsipial ish yuritish kerak, deydi u Vashingtonga murojaat qilar ekan. Bir tomondan Rahmonni hamkor deb bilib, ikkinchi tomondan uning qo’l ostida Tojikistonda ro’y berayotgan huquqbuzarliklarga ko’z yumish biror bir tamoyilga to’g’ri kelmaydi.
Islomiy uyg’onish partiyasi 40 mingdan oshiq a’zoga ega edi. Ayollar va yoshlar ular orasida ko’pchilik. Aholi bilan ishlash kerak, ayniqsa yoshlar bilan, deydi Kabiriy. Yoshlar oldida hozir ikki yo’l bor. Biri repressiya, ikkinchisi terrorizm.
“Biz uchinchi yo’lni taklif qilishimiz kerak: barqarorlik, imkoniyatlar, erkinlik va adolatli tizim". Aks holda, deya ogohlantiradi Kabiriy, Tojikiston va mintaqa Yaqin Sharq singari muntazam ravishda notinch bir hududga aylanib ketadi.
Tojikiston Konstruktiv kuchlari Kongressi degan harakat yetakchilaridan biri Sobir Valiyev ham shunday fikrda. Asossiz qamash, hibsda qiynash, yopiq sudlar va advokatlarga bosim, bular Tojikistonda oddiy holatga aylanib bo’ldi. G’arb demokratiya tarafdorlarini bilib turib quvvatlamayotgani, xalqaro tashkilotlar hukumat haydab yuborishi mumkin deya qo’rqib, o’z missiyalarini buzgan holda muxolifat taqdiriga befarq ekani, oppozitsiya bilan muloqot qilmayotgani nafaqat uyat balki jinoyat deya ta’riflash mumkin bo’lgan vijdonsizlik, deydi Kabiriy va Valiyev.
Sverdlov va Kozman AQSh hukumatini Tojikistonga “alohida e’tiborga molik davlat” degan maqom berib, sanksiya joriy etishni taklif qilmoqda. O’zbekiston anchadan beri shunday ro’yxatda, biror sanksiya qo’yilmagan chunki, rasmiylar so’zi bilan aytganda, Vashington bu respublika bilan xavfsizlik bobida hamkorlik qilishga majbur. Tojikistonga bunday maqom berib, nimaga erishish mumkin?
HRW vakili deydiki, Amerikadan yiliga o’nlab million dollarga teng yordam oladigan va iqtisodi nochor Tojikiston jazolanishni xohlamaydi. Obama ma’muriyatida siyosiy iroda bo’lsa, ta’sir vositalarini ishga oladi, deydi Sverdlov.
Davlat departamenti, tegishli idoralar, Dushanbedagi elchixona hozircha jim. Amerika yaqinda Tojikistondagi elchisini yangiladi. Yangi elchi Elizabet Millard hali borgani yo’q biroq Kongress tomonidan tasdiqlanib bo’lgan.
Obama ma’muriyati Tojikistondagi vaziyat yuzasidan siyosiy bayonot ham bermayotgani - loqaydlik va ko’zbo’yamachilik. Huquq tashkilotlari, ekspertlar va Tojikiston va xorijdagi kuzatuvchilar shunday xulosa qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5