Qozog’iston Markaziy Osiyoda mavqeini tobora mustahkamlab bormoqda. Joriy yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga rais bo’ldi.
Dunyoga regionda lider sifatida tanildi. Tojikiston bilan munosabatda Qozog’iston katta og’aday.
Jumladan, suv bilan bog’liq regional tortishuvni oling - Ostona Tojikistonda Rog’un GESi loyihasini qo’llab-quvvatlab keladi.
Xo’jandlik jurnalist Tursunali Aliyev Qozog’iston ichki va tashqi siyosatida uning demografik tarkibi muhim deb hisoblaydi.
“Katta, markaziy shaharlarda asosan ruslar turadi”, - deydi u.
“Qozog’iston birinchi bo’lib Rossiya bilan bojxona ittifoqini ratifikasiya qilgani ham shundan. Markaziy Osiyo miqyosida olib qarasak, Qozog’iston-Rossiya aloqalari eng yengil, eng ochiq. Aholisi asosan ruslar ekanida gap ko’p”, - deydi u.
Aliyev fikricha, regionda Rossiyaning ta’siri, ayniqsa, Qozog’istonda seziladi.
“Rossiyada qabul qilingan qarorlar Qozog’istonda qabul qilingan qarordek gap”, - deydi u.
Tahlilchilar nazarida Qozog’iston hali ham Rossiya ta’siri ostida va Kremldan mustaqil siyosat olib borishga hozircha qodir emas.
Ayniqsa, boj ittifoqi ishga tushar ekan, Moskva Ostonani iqtisodiy va siyosiy sohada mahkam jilovlashi aniq, deydi ular.
Yosh ziyoli Ilyos Murodzoda Qozog’istonda prezident Nursulton Nazarboyevning harakati bilan Тоjikistonda BankTuranAlem, KazkommersBank, ATF-Bank singari moliya institutlari ish boshlaganini aytadi.
“Ammo moliyaviy jihatdan region lideriga aylangan Qozog’istonning Tojikistonga e’tibori hali juda ham oz”, - deydi u.
Tojikistonlik siyosiy sharhlovchi, “Тretiy vzglyad” nomli gazeta Bosh muharriri Ne’matullo Mirsaidov Qozog’iston prezidentining mintaqa davlatlarini birlashtirish harakatlari e’tiborga loyiq, deydi.
“Bu Tojikistonda gidroenergetika, transport, moliya va tog’-kon sohasiga e’tiborni oshiradi”, - deydi u.
Tojikiston hukumati Qozog’iston investorlarini bu davlat gidroenergetika sohasida pul kiritishga undab keladi.
Hozirdayoq Qozog’iston savdo masalasida Tojikistonning yaqin hamkorlaridan. Rossiya, Xitoy va Turkiyadan so’ng to’rtinchi o’rinda.
Joriy yilda Tojikiston va Qozog’iston o’rtasida savdo aylanmasi 5,7 foizga oshib, 241 million dollarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Qozog’iston Tojikistonning don va un bilan ta’minlovchi asosiy hamkor. O’z navbatida Tojikiston bu davlatga alyumuniy va qishloq xo’jaligi mahsulotini yetkazib beradi.
Tojikistonlik minglab mehnat muhojirlari hozir Qozog’istonda kun ko’rmoqda. Ular jo’natayotgan mablag’ Tojikiston iqtisodiyotini tirab turgan omillardan.
Biroq Qozog’iston inson huquqlari, muxolifat va so’z erkinligi masalasida tanqid ostida. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raisligi nihoyasiga yetar ekan, 12 oy davomida bu sohada biror ijobiy o’zgarish bo’lmadi, deydi faollar.